Aloqa sohasidagi mintaqaviy hamdo‘stlik qonunlar ishlab chiqishda o‘zaro hamkorlikni ta’minlaydi

    Xalqaro hamkorlik 25 Oktabr 2022 1207

    Samarqand shahrida 25-oktyabrda MDH PA va Aloqa sohasidagi mintaqaviy hamdo‘stlik Ekspertlar kengashining 24-majlisi bo‘lib o‘tdi. Tadbir davomida saylovlarni raqamlashtirish, raqamli savdoni rivojlantirish, umuman raqamli iqtisodiyotni huquqiy tartibga solish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi

    Majlisni Ekspertlar kengashi raisi, O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov olib bordi.

    Rossiya Federatsiyasi hukumati huzuridagi Qonunchilik va qiyosiy huquqshunoslik instituti Ma’muriy qonunchilik va jarayonlar bo‘limi bosh ilmiy xodimi Lyudmila Tereshenko hamkasblari e'tiborini raqamli iqtisodiyot sohasida huquqiy tartibga solishning dolzarb yo‘nalishlariga qaratdi.

    Ekspertlar kengashi majlisida elektron ovoz berish texnologiyalarini qo‘llash to‘g‘risida MDH PA Kengashi kotibiyati rahbari o‘rinbosari – MDH PA Demokratiya rivojlanishini monitoring qilish xalqaro instituti direktori Ivan Mushket va MDH PA va AMH Ekspertlar kengashi a’zosi, «UNICON.UZ» DUK direktori Maxsum Maxmudov so‘zlab berdi.

    MDH Parlamentlararo Assambleyasi huzuridagi Iqtisodiyot bo‘yicha ekspert kengashining elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha takliflari ham ko‘rib chiqildi.

    Majlis ishtirokchilari kelgusida Hamdo‘stlik mamlakatlari milliy parlamentlariga taklif etiladigan namunaviy qonunlarni yaratish bo‘yicha MDH Parlamentlararo Assambleyasining jamiyatni raqamli rivojlantirish sohasida olib borayotgan ishlari bilan tanishdi.

    Jamiyatni raqamli rivojlantirishning huquqiy jihatlari 2022-yil 2-dekabr kuni MDH PA qarorgohida, Sankt-Peterburgdagi Tavriya saroyida bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiyaning asosiy masalasi bo‘ladi. Samarqand shahrida bo‘lib o‘tadigan Ekspertlar kengashi majlisida konferensiyaga tayyorgarlik ham muhokama qilinadi.

    MDH PA va Aloqa sohasidagi mintaqaviy hamdo‘stlik Ekspertlar kengashi MDH mamlakatlarida aloqa va axborotlashtirish sohasidagi milliy huquqiy tizimlarni uyg‘unlashtirishga ko‘maklashuvchi namunaviy qonunlarni ishlab chiqishda ikki tuzilmaning o‘zaro hamkorligini ta’minlaydi.

    Aloqa sohasidagi mintaqaviy hamdo‘stlik elektr (telefon, telegraf aloqasi, televizion, radio va simli eshittirish) va pochta aloqasi sohasidagi hamkorlik va kelishilgan harakatlar uchun MDH davlatlarining tegishli vazirliklarini birlashtiradi.

    O‘zbekistonda ilk bor o‘tkazilayotgan MDH Parlamentlararo assambleyasining kuzgi sessiyasi Ekspertlar kengashi majlisi bilan ochib berildi.

    27-28-oktyabr kunlari Samarqand shahrida MDH PA Kengashi majlisi va MDH PA 54-yalpi majlisi, shuningdek, Assambleya va MDH Yoshlar Parlamentlararo Assambleyasi doimiy komissiyalarining majlislari bo‘lib o‘tadi.

    Tadbirlarda MDH PAga kiradigan mamlakatlar parlamentlari delegatsiyalari rahbarlari va a’zolari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar vakillari, olimlar va ekspertlar ishtirok etadi.

    O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.