Alsgeymer kasalligiga qarshi kurashishda yangicha yondashuv taklif etildi

    Sankt-Peterburg politexnika universiteti olimlari Alsgeymer kasalligiga qarshi kurashishning yangi usulini taklif qilishdi.

    Ularning so'zlariga ko'ra, ular kashf etgan astrotsitlar – neyronlarga “yordam beruvchi” hujayralar faoliyatini rag'batlantirish mexanizmi ushbu kasallikni samarali davolash uchun asos bo'lishi mumkin.

    Jahon sog'liqni saqlash tashkilotining statistik ma'lumotlariga ko'ra, Alsgeymer kasalligi demensiyaning eng keng tarqalgan shakli hisoblanadi. Ushbu kasallik kognitiv funksiyalarning yo'qolishiga olib keladi.

    Universitet olimlari hayvonlarning namunalarida ushbu muammoga yangi yondashuvni taklif qilishdi va sinab ko'rishdi. Ularning fikricha, astrotsitlarga – neyronlar faoliyatini modulyatsiya qiluvchi hujayralarga o'ziga xos tarzda ta'sir etib, shikastlangan nerv hujayralari funksiyalarini sezilarli darajada tiklashga erishish mumkin.

    Taqdim etilgan ilmiy tadqiqotda astrotsitlarning qo'zg'alishi yorug'likning ushbu hujayralar membranasining tashqi tomonida joylashgan sezgir oqsilga ta'siri tufayli yuzaga keldi. Yorug'lik astrotsitlardan gliotransmitterlarni – nerv uzatilishini va neyron plastikligini tiklashga yordam beradigan molekulalarni chiqarishga sabab bo'ldi.

    Kelajakda olimlar astrotsitlarni faollashtirishning yana bir usuli – xemogenetikadan foydalanishni rejalashtirmoqda, bu esa hujayralarga yorug'lik emas, balki maxsus moddalar ta'sirini o'z ichiga oladi. Bunday holda, optogenetikada bo'lgani kabi gippokampning alohida qismlari emas, balki miyaning mazkur qismi to'liq ishtirok etadi, deb xabar beradi ria.ru.