Amaldagi 2 ta kodeks va 6 ta qonunga oʻzgartishlar kiritiladi

    Xavfsizlik 29 Aprel 2022 1412

    “Qurol toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun qabul qilindi.

    Senatning yalpi majlisida “Qurol toʻgʻrisidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.

    Amaldagi “Qurol toʻgʻrisida”gi Qonun bilan oʻqotar quroldan tashqari pnevmatik, gazli, signal beruvchi, tigʻli, uloqtirish quroli va elektroshok qurilmalariga egalik qilishga ruxsat berilgan.

    Biroq, oʻqotar boʻlmagan yuqorida koʻrsatilgan qurollarga noqonuniy egalik qilish uchun esa qonunchiligimizda javobgarlik mavjud emas.

    Sodda qilib aytganda, oʻqotar boʻlmagan qurolga noqonuniy egalik qilish, yaʼni uyda saqlash, koʻcha-koʻyda olib yurish, taʼlim muassasalariga olib borish va hokazo holatlarda qurol egasi undan turli jinoiy maqsadlarda foydalanmasligiga “kafolat” yoʻq.

    Shu bois, bugun muhokama qilinayotgan Qonun bilan amaldagi 2 ta kodeks va 6 ta qonunga oʻzgartishlar kiritish nazarda tutilgan.

    Qurol va uning oʻq-dorilari muomalasini davlat tomonidan tartibga solish va nazoratni amalga oshirish funksiyalari Milliy gvardiyadan ichki ishlar organlariga oʻtkaziladi;

    Oʻqotar boʻlmagan qurol bilan qonunga xilof ravishda muomalada boʻlish yoki qurol muomalasi qoidalarini buzganlik uchun jinoiy va maʼmuriy javobgarliklar nazarda tutiladi;

    Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining fuqaroviy ov qurolini va uning oʻq-dorilarini olish huquqiga ega boʻlish uchun yosh senzi yigirma besh yosh etib belgilanadi (amaldagi qonunchilikda yigirma bir yosh);

    Bundan tashqari, fuqaroviy qurol va uning oʻq-dorilarini hadya etilishini taqiqlash nazarda tutiladi.

    Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.