Nyu-Yorkdagi taqdimotda koʻrsatilgan barcha gadjetlar fevral oyida ishga tushirilgan Alexa+ sunʼiy intellekt yordamchisi bilan integratsiya qilingan.
Aqlli eshik qoʻngʻiroqlari
Yangilangan Ring qoʻngʻiroqlari 2K kamera va 4K sifatida video yozish imkoniyatiga ega boʻldi. «Familiar Faces» (Tanish yuzlar) funksiyasi doʻstlar va oila aʼzolarini avtomatik ravishda tanib olishga imkon beradi. Shuningdek, Alexa+ yordamida kuryerlarga koʻrsatmalar berish yoki yetkazib berish jarayonini nazorat qilish mumkin.
Yana bir qiziqarli yangilik – uy hayvonlarini topish funksiyasi. Agar qoʻshnilardan biri Ring ilovasi orqali oʻz uy hayvoni yoʻqolganini eʼlon qilsa, sunʼiy intellekt boshqa foydalanuvchilarning roziligi bilan yaqin atrofdagi kameralar orqali uni izlashga yordam beradi.
Kindleʼda sunʼiy intellekt
Yangi Kindle Scribe endi yengilroq va tezroq ishlaydi. U sunʼiy intellektga asoslangan qidiruv tizimi va rangli ekran bilan jihozlandi. Endilikda foydalanuvchilar kitob mazmuni haqida qisqacha maʼlumot soʻrashi yoki asar qahramonlari toʻgʻrisida savollar berishi mumkin.
Qurilma 11 dyuymli E Ink ekrani, Google Drive va OneDrive bilan integratsiya hamda bloknot funksiyasiga ega. AQSHda uning narxi 499,99 dollardan boshlanadi (Colorsoft versiyasi – 629,99 dollar).
“Aqlli uy” ekotizimi
Fire TV moslamalari ham Alexa+ yordamida yangi imkoniyatlarga ega boʻldi: endi filmdagi muayyan sahnani topish yoki kechagi futbol oʻyinining natijasini soʻrash mumkin.
Amazon, Samsung, LG va Google kabi gigantlar barcha uy qurilmalarini yagona tizimga birlashtirib, haqiqiy “aqlli uy” konsepsiyasini roʻyobga chiqarishga intilmoqda. Taqdimotda namoyish etilgan videoda Alexa foydalanuvchiga uyda sodir boʻlgan voqealar – bolalarning itni sayr qildirgani, pochta kelgani va hatto axlat qutisi atrofida yenotlar paydo boʻlgani haqida hisobot beradi.
Amazon qurilmalari boʻyicha rahbar Panos Panayning soʻzlariga koʻra, Alexa+ texnologiyasining asosiy maqsadi – uydagi jarayonlarni “fon rejimida” boshqarishdir.
“Maqsadimiz – mahsulotlar insonning turmush tarziga sezdirmasdan moslashishi va hatto siz uyda boʻlmagan paytda ham foyda keltirishidir”, – deya taʼkidladi u.









