Amerika -Oʻzbekiston savdo palatasi raisi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi

    Oliy Majlis Senati Raisining birinchi oʻrinbosari Sodiq Safoyev Toshkent xalqaro investitsiya forumi ishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Amerika -Oʻzbekiston savdo palatasi raisi Kerolin Lemm bilan uchrashdi.

    Muloqot davomida tomonlar hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini, shu jumladan, Oʻzbekiston va AQSH oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.

    Iqtisodiyotning barqaror oʻsishiga koʻmaklashadigan yirik va kichik investorlarni jalb etishga yordam beradigan mustahkam huquqiy bazani yaratish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

    Uchrashuvda biznes rivojini ragʻbatlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun samarali faoliyat yuritadigan sud tizimi zarurligi ham taʼkidlandi. Tomonlar huquqiy barqarorlik va ishonchlilik investitsiyalarni jalb etishda muhim oʻrin tutishini taʼkidladi.

    Kerolin Lemmning taʼkidlashicha, Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, shu jumladan, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va xorijiy investorlar uchun kafolatlarni kuchaytirishga qaratilgan islohotlar xorijlik tadbirkorlarning mamlakatimizga ishonchini oshirib, ularda Oʻzbekistonda tadbirkorlik bilan shugʻullanish istagini uygʻotyapti.

    Muloqot davomida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama etildi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.