Amerika universitetlarida amaliyotga koʻproq eʼtibor qaratiladi

    Ta'lim 24 Avgust 2022 1705

    Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi xodimlari, Toshkent davlat agrar universiteti va Jizzax viloyatidagi Gʻallaorol texnikumi rahbariyatidan iborat delegatsiyaning avgust oyidagi Amerikaga 17 kunlik safari nihoyasiga yetyapti.

    Ushbu tashrifning soʻnggi manzili Missisipi Shtati universiteti boʻldi. 1878-yilda tashkil etilgan universitetdagi taʼlim yoʻnalishlari, oʻquv rejalarining oʻziga xosligi hamda talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar oʻzbekistonlik vakillarning eʼtiborini tortdi. Shuningdek, ikki tomonlama oʻquv rejalari, pedagoglarni tajribasini oshirish va baholash hamda adabiyotlar tayyorlash boʻyicha bir qator kelishuvlarga erishildi va yoʻl xaritasi tuzildi.

    Eʼtiborli yana bir jihat, ushbu universitetning oʻsimlikshunoslik va veterinariya fakultetlarida talabalarga nazariyadan koʻra, koʻproq amaliyot orqali bilim berish yoʻlga qoʻyilgani boʻldi. Masalan, veterinariya fakultetida tahsil oladigan talaba toki universitetni tamomlaguncha mustaqil ravishda 71 ta jarrohlik amaliyoti oʻtkazadi. Bu esa, kelgusida hayvonlarning salomatligiga masʼul kasb sohiblarini yetarli tajriba bilan sohaga qadam qoʻyishini anglatadi. Boshqa yoʻnalishlarda ham ushbu jihatni koʻrish mumkin.

    Bundan tashqari uchrashuvda universitetning respublikamizdagi Jizzax viloyatida joylashgan “SILVER LEAF LLC” QK agroklasteri bilan davom etayotgan hamkorligiga ham toʻxtalib oʻtildi. Gʻallaorol agrotexnikumi bitiruvchilarini bandligini taʼminlash va ularni dunyo talablariga mos mutaxassis boʻlib yetishishiga koʻmaklashuvchi loyihalarning muhokamasi va kelishuvlar ham yurtdoshlarimiz uchun samarali boʻlishiga erishildi.

    Ushbu safar mobaynida ikki tomonlama kelishuvlar va imzolangan loyihalar, oʻrganilgan tajribalar yaqin yillarda yurtimizdagi agrar soha taʼlim tizimida ham ijobiy samarasini koʻrsatishi kutilyapti, deb xabar beradi Qishloq xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmati.