Amerikada Abdulla Oripov haqida badiiy film suratga olinyapti

    Madaniyat 23 Noyabr 2022 2741

    Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan Hujjatli va xronikal filmlar kinostudiyasi tomonidan Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq shoiri, mamlakat madhiyasi muallifi Abdulla Oripov haqida badiiy film tasvirga olinyapti.

    Ijodiy guruh Oʻzbekistondagi tasvirga olish ishlarini yakunlab, AQSHda suratga olish ishlarini davom ettiryapti.

    Film rejissyori Muzaffarxon Erkinov Gollivudda filmning qaysi epizodlari suratga olinayotgani haqida batafsil toʻxtalib oʻtdi:

    — Abdulla Oripov hayotining soʻnggi oylari AQSHda oʻtgan. U Texas shtatining Xyuston shahrida yashagan. Shu sabab shoirning qizi Mavluda Oripova xonadonida, shuningdek, shoir sayr qilishni juda yaxshi koʻrgan Tinch okeani sohillarida epizodlar suratga olyapmiz. Biz bu epizodlarni Gollivudda suratga oldik. Filmda shoirning nabirasi ham oʻz obrazini oʻzi gavdalantirmoqda, — deya sharhlaydi Muzaffarxon Erkinov.

    Suratga olish ishlari AQSHning Xyuston, Los-Anjeles va Nyu-York shaharlarida olib borilyapti. Filmda Abdulla Oripovning keksalik davrini Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan artist, Surxondaryo teatri aktyori Qudratilla Burxonov, shoirning rafiqasi Xanifa Mustafoyeva rolini esa Oʻzbekiston xalq artisti Gulchehra Jamilova ijro etyapti, deb xabar beradi Kinematografiya agentligi matbuot xizmati.

    Film bosh prodyuseri Firdavs Abduxoliqov, ssenariy mualliflari Minhojiddin Mirzo, Muqaddas Usmonova va Furqat Usmonov, postanovkachi rejissyor Muzaffarxon Erkinov, postanovkachi operator Ravshan Mirzakamolov.