Muddatidan avval ovoz berish koʻchma punkti Oʻzbekiston Respublikasining Vashington shahridagi diplomatiya vakolatxonalari huzurida tashkil etilgan 14-Toshkent shahar referendum oʻtkazuvchi okrugiga biriktirilgan 3-saylov uchastka komissiyasi tomonidan tashkil etildi. Unda “Oʻzbekiston Respublikasining referendumi toʻgʻrisida”gi Qonuni va Markaziy saylov komissiyasining 2022-yil 13-iyuldagi 1178-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga binoan fuqarolarimiz uchun barcha sharoitlar yaratildi.
Diplomatiya missiyamiz maʼlumotlariga koʻra, muddatidan oldin ovoz berish jarayonida 300 nafarga yaqin kishi oʻz fuqarolik pozitsiyasini bildirgan. Shu bilan birga, ovoz berish jarayonida nafaqat Florida shtatida yashovchi mamlakatimiz fuqarolari, balki boshqa shtatlardan (Nyu-York, Illinoys) va Kanadadan kelgan yurtdoshlarimiz ham ishtirok etgan.
Shuningdek, ovoz berish jarayonida mamlakatimiz fuqarolari uchun konsullik qabuli uyushtirilib, tegishli konsullik-huquqiy maslahatlar berildi, konsullik hisobiga turish, pasport va Oʻzbekistonga qaytish guvohnomasini olish, notarial harakatlar, fuqarolikdan chiqish masalalari yuzasidan batafsil maʼlumotlar taqdim etildi, qator konsullik xizmatlari koʻrsatildi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.