Tadbir chogʻida mehmonlarga Oʻzbekistonning boy sayyohlik imkoniyatlari, madaniy-tarixiy markazlari, diqqatga sazovor maskanlari, shuningdek, mamlakatimizning sarmoyaviy salohiyati haqidagi atroflicha maʼlumotlar taqdim etildi.

"International Club DC" rahbari Sanjay Xettixeva oʻz chiqishida 60 ming nafarga yaqin mutaxassislarni oʻz atrofiga birlashtirgan mazkur tashkilot mamlakatimizning milliy brendini targʻib qilish uchun yaxshi platforma hisoblanishini aytdi. "Bugun Oʻzbekiston elchixonasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirni namunali, deb hisoblash mumkin, chunki mamlakatning boy tarixiy merosi va ulkan sayyohlik salohiyati haqidagi taqdimot yuqori saviyada oʻtkazildi", dedi u.

AQSH Davlat departamenti tashqi ishlar boʻyicha tadqiqotchisi Enn Komptonning aytishicha, ushbu madaniy tadbir hamma uchun juda foydali boʻldi, chunki uning doirasida zamonaviy Oʻzbekiston haqidagi koʻpgina muhim maʼlumotlar oʻrtoqlashildi. "Taʼkidlash joizki, ushbu elchixona Vashington shahridagi eng goʻzal vakolatxonalardan biri boʻlib, Oʻzbekistondan olib kelingan muzey eksponatlari oʻzbek xalqining boy tarixi va madaniyatini yaqqol namoyish etadi", dedi u.

Yuqoridagilar bilan birga, Jorjtaun universitetining xalqaro aloqalar boʻyicha direktori Kelli MakGrat ham ushbu tadbirda qatnashgan amerikalik ishtirokchilar Oʻzbekistonni tom maʼnoda kashf etishganini, endi ular mamlakatimizni oʻz koʻzlari bilan koʻrishni istashini aytdi.

Tadbir chogʻida oʻzbek diasporasi vakillari tomonidan tayyorlangan madaniy dastur namoyish etildi.

Maʼlumot tariqasida qayd etish joizki, 2003-yili tashkil etilgan  "International Club DC" tashkiloti Vashington shahridagi diplomatiya vakolatxonalari bilan birgalikda brifing, davra suhbati, madaniy va boshqa turli tadbirlarni tashkil etishga ixtisoslashgan.