Muzokaralar chogʻida tomonlar oʻzaro sheriklik munosabatlarini oʻrnatish, Amerika tomoni bilan savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqalarni yoʻlga qoʻyish, shahar infratuzilmasini boshqarish, mintaqadagi yetakchi oliy oʻquv yurtlari bilan hamkorlik sohasida tajriba almashish istiqbollarini muhokama qildilar.
Uchrashuv avvalida Amerika tomoni mamlakatda iqtisodiyotni erkinlashtirish, qulay investitsiya muhitini yaratish, shuningdek, mamlakatning raqobatbardoshligi va innovatsion rivojlanishini taʼminlashga qaratilgan inson kapitalini mustahkamlash boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlar bilan tanishtirildi.
Kembrij shahri meri Oʻzbekiston mintaqalari bilan hamkorlik joʻgʻrofiyasini kengaytirish, AQSHning yirik shaharlari bilan hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, amerikalik investorlarning ichki bozorda tadbirkorlik faolligini oshirish va mamlakatlarimiz universitetlari oʻrtasidagi jadal hamkorlikka alohida eʼtibor qaratdi.
Sumbul Siddiqiy mamlakatimizda amalga oshirilayotgan izchil islohotlarni qutlar ekan, inson kapitaliga sarmoya kiritishning muhimligini taʼkidladi. Uning aytishicha, bilimdon mutaxassislar barqaror iqtisodiy rivojlanishning asosiy harakatlantiruvchi kuchi va yangi kashfiyotlar manbaidir. Sumbul Siddiqiy 19 asr oxiri va 20 asr boshlarida ishlab chiqarish Kembrij iqtisodiyotining muhim qismi boʻlganini, ammo bugungi kunda taʼlim muassasalari uning eng yirik ish beruvchisiga aylanganini qayd etdi. “Masalan, bugungi kunda Garvard va Massachusets texnologiya institutida 20 mingga yaqin kishi ishlamoqda. Texnologik innovatsiyalar boʻyicha Kembrijda koʻplab kompaniyalar faoliyat koʻrsatmoqda”, dedi u.
Shaharda sogʻliqni saqlash va biotexnologiya sohasidagi innovatsion muassasalar va ilmiy-tadqiqot markazlarini qoʻllab-quvvatlashga katta eʼtibor qaratilayotgani alohida qayd etildi. Koronavirusga qarshi “Pfizer”, “AstraZeneca” va “Moderna” vaksinalari ham ushbu shahardagi ilmiy-tadqiqot markazlari tomonidan ishlab chiqilgan.
Muzokaralar natijasida Kembrij shahrining taʼlim va yirik munitsipalitetlarni boshqarishni ragʻbatlantirish, shuningdek, mamlakatimiz shaharlaridan biri bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatish sohasida tajriba almashish amaliyotini yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.
Kembrijga 1630-yilda asos solingan. 1846-yilda unga shahar maqomi berildi. Shahar nomi Angliyadagi Kembrij universiteti sharafiga atab qoʻyilgan. Ayni paytda shaharda 120 ming aholi istiqomat qilmoqda. Boston mintaqasining poytaxti boʻlgan Kembrij Amerika Qoʻshma Shtatlarining taʼlim markazlaridan biri hisoblanadi. Garvard universiteti, Massachusets texnologiya instituti, Lesli universiteti va Xult xalqaro biznes maktabi Kembrijda joylashgan. Kembrijdagi Kendall maydoni 2010-yildan beri yaratilgan muvaffaqiyatli startaplarning yuqori konsentratsiyasi tufayli “Sayyoradagi eng innovatsion joy”, deb topildi.
Kembrij shahri Koimbra, (Portugaliya, 1982-yildan), Gaeta (Italiya, 1982), Sukuba (Yaponiya, 1983), San-Xose Las Flores (Salvador, 1987), Goluey (Armaniston, 1987), Le Keyvey (Irlandiya, 1997), Le Cayes (Gaiti, 2014) shaharlari bilan birodarlik aloqalarini oʻrnatgan.
Sumbul Siddiqiy Kembrij shahar kengashida uchinchi marta, shahar hokimi sifatida esa ikkinchi marta faoliyat koʻrsatmoqda. U ota-onasi bilan Pokistondan Amerika Qoʻshma Shtatlariga koʻchib kelgan va bu shaharni boshqarayotgan birinchi musulmon ayol hisoblanadi.









