Mamlakatimizda ulugʻ ajdodlarimiz merosini keng tadqiq va targʻib etish, ularning nomini abadiylashtirish, oʻsib kelayotgan navqiron avlodni bobokalonlarimizning faoliyatidan faxrlanish ruhida tarbiyalashga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda.

Buni shu kunlarda xalqimiz dahosining timsoli, benazir sarkarda va davlat arbobi, Sohibqiron Amir Temur tavalludining 686-yilligi munosabati bilan joylarda oʻtkazilayotgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, ilmiy-amaliy anjumanlar misolida ham yaqqol koʻrish mumkin. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida “Amir Temur va hozirgi zamon” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti Gumanitar fanlar kafedrasi dotsenti Jumaboy Rahimov, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari institut Milliy tadqiqot universiteti, Gumanitar fanlar kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori, professor Shoxista Oʻljayeva, Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti Tarix fakulteti, “Oʻzbekiston tarixi” kafedrasi dotsenti, tarix fanlari nomzodi dotsent, Akbar Zamonov, Favqulodda vaziyat-lar vazirligi matbuot xizmati xodimlari, Akademiyaning professor-oʻqituvchilari, harbiy xizmatchilar, kursantlar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirni Akademiya boshligʻining oʻrinbosari l.m.v.b., podpolkovnik Savriddin Najmiyev kirish soʻzi bilan ochib, yurtimizda buyuk davlat arbobi Amir Temur bobomiz tavalludining 686-yilligi ijodkorlar, olimlar va yoshlar tomonidan faxr-iftixor bilan yodga olinayotgani, Sohibqiron Amir Temur – biz uchun oʻzligimizni anglash, milliy anʼana va qadriyatlarimizni tiklash borasidagi ulugʻvor ishlarda xalqimizga maʼnaviy kuch bagʻishlab kelayotgan ulugʻ siymolardan biri ekanligi xususida soʻz yuritdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar, Sohibqiron nafaqat oʻz davridagi eng qudratli davlat asoschisi, ilm-fan, madaniyat va maʼnaviyat homiysi, balki Osiyo va Yevropa qitʼalarida roʻy bergan tarixiy oʻzgarishlarga hal qiluvchi taʼsir koʻrsatib, dunyo rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan shaxs ekanligini, hazrat Amir Temur betakror faoliyatining asosiy maʼnosi – “Vatan ozodligi, vatanga muhabbat” degan oliy qadriyatlardan iborat boʻlib, Sohibqiron bobomizning ruhiyati istiqlol va hurlik, erkinlik gʻoyalari bilan tabiiy va goʻzal bir ravishda uygʻunlashib ketganligini, u hatto umrining soʻnggi onlarida ham zurriyodlariga qarata “Istiqlol bilan mulku millat, lashkar va raʼiyatni boshqaringiz” deb vasiyat qilganligini alohida taʼkidladilar.

Tadbir yakunida oʻzlarining mazmunli, sermulohaza, bahs-munozarlarga boy hamda yanada koʻproq mutoalaa qilishga undaydigan taqdimot maʼruzalari bilan faol qatnashgan mehmonlarga Akademiya rahbariyatining tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari topshirildi.

Ozodbek SHUKUROV,

FVV Akademiyasi tarbiyaviy va mafkuraviy

ishlar boʻlimi katta ofitseri