Mutaxassislarning maʼlumot berishicha, Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanida joylashgan “Tyan-Shan” togʻ-tizmasining “Amirsoy” togʻ-changʻi kurortiga olib boruvchi yoʻlning 34-piketida kuchli yomgʻir yogʻishi oqibatida yerning loy holatiga kelishi va koʻchish hodisasi sodir boʻlgan.

Hodisa sodir boʻlgan hududda aholi yashash punkti, dam olish va boshqa obyektlar joylashmagan va koʻchki oqibatida hech kimga moddiy zarar yetmagan.

Oʻzbekiston Respublikasi Gidrometeorologiya xizmatining 2022-yil 11-mart kunidagi “Shoshilinch” axborotida 11-15-mart kunlari kutilayotgan kuchli yomgʻir yogʻishi sababli sel kelish xavfi toʻgʻrisida va ehtiyot choralarini koʻrish haqida ogohlantirish berilgan edi.

Hodisa oqibatlari tuman hokimligi, FVB, YHXB hamda tuman “Yoʻllardan foydalanish” unitar korxonasi xodimlari tomonidan maxsus texnikalaridan foydalangan holda bartaraf etildi.

Ayni paytda mazkur hududda transport vositalarining harakati tiklandi.