Amrillo Inoyatov: “Endi shifokorlar xonadon aʼzosiga aylanadi”

    Salomatlik 13 Yanvar 2021 1752

    Shu kunlarda vazirlik rahbariyati mamlakatimizning turli mintaqalariga borib, hududlarda sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlarning ijrosi bilan yaqindan tanishmoqda, bu boradagi muhim vazifalarning hayotga tatbiq etilishini yana-da jadallashtirish uchun katta amaliy yordam koʻrsatmoqda.

    Jumladan, vazirning birinchi oʻrinbosari Fargʻona vodiysi viloyatlarida boʻldi. Safar Namangan viloyatida davom etmoqda.

    Namanganda ham sogʻliqni saqlash tizimi ishini yangi bosqichga koʻtarish, ayniqsa birlamchi boʻgʻin faoliyatini yana-da takomillashtirish borasida muayyan ishlar qilinmoqda. Aholiga koʻrsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini oshirish, xalqning tibbiy xizmatdan roziligiga erishish bilan bogʻliq saʼy-harakatlar pirovardida ijobiy natijalar qoʻlga kiritilmoqda.

    Vazirning birinchi oʻrinbosari dastlab Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi “Shohidon” oilaviy shifokor punktiga tashrif buyurdi. Muassasa jamoasi 8 ming nafardan ziyod aholi salomatligini taʼminlashga masʼuldir. Oʻtgan oyda hududda joylashgan uchta mahallada yashovchi fuqarolar tibbiy xatlov va antropometrik oʻlchovlardan oʻtkazilgandi.

    OSHP mudiri Mavluda Murodova bu jarayonning yakunlari, maʼlumotlarning jamlanishi va ular asosida salomatlik hamda kasallanish koʻrsatkichlarining shakllantirlishi haqida soʻzlab berdi. Muloqot chogʻida Amrillo Inoyatov shifokor va hamshiralarning keyingi bosqichlardagi dolzarb vazifalariga eʼtiborni qaratdi.

    Shundan soʻng faoliyat natijadorligini oʻrganish aholi yashash joylarida davom etdi. “Guliston” mahallasining Mustaqilik koʻchasidagi xonadonlarga kirildi. 7-uyda yashovchi 65 yoshli Nafisa Toʻxtanazarova xonadonida kechgan suhbat chogʻida A. Inoyatov: “Joriy yilda tibbiyot xodimlari deyarli xonadon aʼzosiga aylanishadi, chunki endi oilaviy shifokorlar tez-tez uylarga kelishib, odamlar salomatligini qatʼiy nazoratga olishadi”, — deganida onaxon gʻoyat toʻlqinlanib ketdi.

    — Davlatimizga, yurtboshimizga mingdan-ming rahmat, aholi sogʻligʻi uchun shu qadar gʻamxoʻrlik koʻrsatilmoqda. Bunga javoban biz nuroniylar mahallada sogʻlom turmush tarzi, ayniqsa sogʻlom ovqatlanish va jismoniy faollikni targʻib qilishda astoydil faollik koʻrsatyapmiz, — dedi N. Toʻxtanazarova.

    A. Inoyatov aholi vakillari bilan uchrashuv paytida sohada kechayotgan yangilanishlar haqida soʻzlab berdi.

    Mahallada yashovchi faol ayollarning bir guruhiga salomatligini tiklash uchun dori-darmonlar toʻplamlari va “Kosonsoy” sihatgohiga yoʻllanmalar topshirdi.

    Keyingi yillarda viloyatda tibbiyotning nodavlat sektori ham jadal rivojlanmoqda. Ularning soni keskin ortib, xizmat doirasi ham kengayib bormoqda. Toʻraqoʻrgʻon tumani markazida qad rostlagan “Hayot medical” xususiy shifoxonasi zamonaviy binosi koʻrkam va shinamligi bilangina emas, xizmat koʻrsatish salohiyatining balandligi jihatidan ham eʼtiborga loyiqdir. Tadbirkor Abrorjon Mamajonovning saʼy-harakati bilan 4 milliard soʻm mablagʻ sarflanishi evaziga vujudga kelgan 40 oʻrinli yangi shifoxona taqdimotida qatnashgan Amrillo Inoyatov davlatimiz domonidan yaratilayotgan imkoniyatlardan foydalanib, nodavlat tibbiyot muassasalari tarmogʻi salmogʻini oʻstirish muhimligini alohida taʼkidladi.

    Namangandagi tashrif chogʻida vazirning birinchi oʻrinbosariga viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Abdilxodi Iminov hamrohlik qildi.

    Viloyatga tashrif davomida Namangan shahri va Pop tumanidagi davolash-profilaktika muassasalari faoliyati ham oʻrganildi. Birlamchi tibbiy-sanitar yordamini koʻrsatish tizimi ishini yana-da yuksaltirish, aholini toʻliq tibbiy xatlovdan oʻtkazish, bu jarayon shaffofligini taʼminlash va boshqa dolzarb vazifalar ijrosi tahlil etildi. Mavjud muammolarni joyida xal etish choralari koʻrildi.

    Bulardan kutilgan maqsad — “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da tibbiy xizmat sifatini tubdan yaxshilashga erishishdan iborat.

    Namangan viloyati sogʻliqni saqlash

    boshqarmasi Axborot xizmati.