Amsterdamda o‘zbek rassomining «Afsonalar yurtiga sayohat» nomli ko‘rgazmasi ochildi

    Madaniyat 23 Fevral 2023 1117

    Amsterdamda taniqli rassom, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi a’zosi Rahimjon Hakimovning «Afsonalar yurtiga sayohat» nomli ko‘rgazmasi ochildi.

    Mamlakatimiz elchixonasi, Benilyuks mamlakatlarida istiqomat qilayotgan vatandoshlar va Yunus Emro - Amsterdam instituti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ushbu ko‘rgazma o‘zbek xalqining ikki ulug‘ shoiri, matafakkir va davlat arboblari - hazrat Alisher Navoiy va Zahriddin Muhammad Boburning tavallud sanalariga bag‘ishlandi.

    Ko‘rgazmada musavvirning 40 dan ortiq asarlari namoyish etildi. Ushbu tadbirni o‘tkazishdan maqsad Benilyuks mamlakatlaridagi o‘zbekistonliklar va chet el fuqarolarini mamlakatimiz tarixi, madaniyati va urf-odatlari bilan yaqindan tanishtirishdan iborat edi.

    Rassom badiiy asar ta’sirchanligini oshirish maqsadida juda ko‘p izlanishlar olib borgan, tasviriy san’atda turli uslublardan foylalangan. Soya va yorug‘lik, ranglar uyg‘unligi, ranglar, shakllarni bo‘rttirish, soddalashtirish va boshqalar shular jumlasidandir.

    Rahimjon Hakimov bir necha yillar davomida «ebru» san’atiga yangicha uslub olib kirdi. Uning asarlarida qadimiy «ebru» bilan rang-tasvir san’atining mumtoz usullari uyg‘unlashib, O‘zbekistonning, xususan, Buxoro va Samarqandning ko‘hna timsollari, tarixiy manzara va tabiati bo‘y ko‘rsata boshladi. Rang-barang suratlarga ko‘chib o‘tgan musavvir xayoloti mahsullari Amsterdamdagi Yunus Emro instituti ko‘rgazmalar zaliga qo‘yilgan asarlarda yaqqol namoyon bo‘lganligi ko‘rgazmaga tashrif buyurayotgan mehmonlar tomonidan ham e’tirof etilyapti, deb xabar beradi «Dunyo» AA.

    O‘zbek rassomining ushbu asarlari Xitoy, Rossiya va boshqa xorijiy davlatlarda ham namoyish etilgan bo‘lib, tasviriy san’at muxlislari o‘rtasida katta shuhrat qozongan.

    Yunus Emro intitutidagi ushbu ko‘rgazma 5 martga qadar davom etadi.