Amudaryo tumanida aholining ichimlik suvi bilan taʼminlash 80 foizga yetkaziladi

    Mamlakatimizda 27 Dekabr 2021 3314

    Amudaryo tumani hokimligining kichik majlislar zalida aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash borasida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtdi.

    Unda Senatning Agrar, suv xoʻjaligi masalalari va ekologiya qoʻmitasi raisi Bahodir Tojiyev, Osiyo taraqqiyot banki “Oʻzbekistonning gʻarbiy qismida ichimlik suv taʼminoti tizimlarini rivojlantirish” loyihasi konsultantlar guruhining menejeri Yun Be Kang, “Qoraqalpoq suv taʼminoti” MCHJ investitsiya boʻlimi boshligʻi A.Tadjimbetovlar ishtirok etdi.

    Yigʻilishda qayd etilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 9-apreldagi PQ-4271-sonli qaroriga asosan 2020-2023-yillarda Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida “Oʻzbekistonning gʻarbiy qismida ichimlik suvi taʼminoti tizimlarini rivojlantirish” loyihasini amalga oshirish belgilangan.

    Ushbu loyiha doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasining Nukus, Beruniy, Moʻynoq, Qoʻngʻirot, Qoraoʻzak va Amudaryo tumanlari aholisining ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash maqsadida Qipchok ovuli hududiga sutkasiga 35 ming kub metrlik suv tozalash inshooti, Kuyuk koʻpir ovuli hududida yangidan suv taqsimlash inshootini qurish, Oʻrta qalʼa, Doʻrman, Xolimbeg ovullari hududida suv taqsimlash inshootini rekonstruksiya qilish hamda tuman hududida 54,3 kilometr magistral suv tarmogʻi, 236,5 kilometr koʻcha suv tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan.

    Yigʻilishda loyihani amalga oshirish natijasida tuman boʻyicha 160 ming nafardan ortiq aholining ichimlik suvi taʼminoti yaxshilanishi va tumanda aholining ichimlik suvi bilan taʼminlanganlik darajasini 80 foizga yetkazilishi kutilayotganligi maʼlum qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.