Tadbirda Oʻzbekiston tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Sh.Gʻaniyev hamda Turkmaniston tomonidan Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining agrosanoat kompleksi masalalari boʻyicha oʻrinbosari T.Ataxalliyev boshchilik qildi.
Ikki davlat rahbarlarining oʻzaro samimiy va doʻstona munosabatlari suv xoʻjaligi sohasidagi aloqalarni yanada mustahkamlashga keng yoʻl ochayotganligini alohida aytib oʻtildi.
Oqilona va uzoqni koʻzlab yuritilayotgan siyosat tufayli ikki davlat oʻrtasidagi transchegaraviy suv resurslarini boshqarish doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va bir-birining manfaatlarini hurmat qilish ruhida amalga oshirilayotganligi taʼkidlandi.
Tomonlar Suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻzbek-turkman hukumatlararo qoʻshma komissiyasining uchinchi yigʻilishida erishilgan kelishuvlar ijrosini muhokama qildi.
Oʻzbekiston Respublikasining Turkmanistonda joylashgan suv xoʻjaligi obyektlarini xatlovdan oʻtkazish va “Tuyamoʻyin” gidrouzelining “Sultonsanjar” toʻgʻonida “suv filtratsiyasiga qarshi devor qurish” loyihalarini jadallashtirishga kelishib olindi.
Gidrologik yil davomida (2023-yil 1-apreldan 2024-yil 30-martgacha) Amudaryoning suvlilik darajasi tahlil qilinib, tomonlarning mamlakatlar iqtisodiyot tarmoqlarini suv bilan taʼminlash boʻyicha keyingi harakatlari koʻrib chiqildi.
Komissiya Amudaryoda suvni hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish muhimligini qayd etdi.
Tomonlar xalqaro moliya institutlarining grant mablagʻlarini jalb etish orqali gidropostlarda suv hisobining avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish va gidropostlarni tiklash boʻyicha loyihalarni birgalikda amalga oshirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.
Amudaryo qirgʻoqlarini mustahkamlash, kanallar oʻzanlarini tekislash orqali suv resurslari yoʻqotilishini kamaytirish va suvning toʻsiqsiz oʻtishini taʼminlash masalalariga ham eʼtibor qaratildi.
Turkmaniston davlat suv xoʻjaligi ilmiy-ishlab chiqarish instituti va Turkmaniston davlat suv xoʻjaligi qoʻmitasining “Turmensuvilimtaslama” loyiha instituti hamda Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligining Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti oʻrtasida onlayn uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda tomonlar suv toshqinlarining oldini olish va qirgʻoqlarni mustahkamlash chora-tadbirlari boʻyicha tajriba almashdilar, shuningdek, Amudaryo boʻyida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xavf-xatarli vaziyatlarning oldini olish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida tegishli takliflar bildirildi.
Ikki davlat institutlarining mutaxassislari navbatdagi uchrashuvgacha aniq masalalarni ishlab chiqishga kelishib oldilar.
Yigʻilish yakunida tegishli bayonnoma imzolandi.
Suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻzbek-turkman hukumatlararo komissiyasining beshinchi yigʻilishini Oʻzbekistonda oʻtkazishga kelishildi.