Amudaryoga kitob karvoni yetib keldi

    Xalq taʼlimi vazirligi va Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamkorligida Amudaryo tumani maktablari uchun joʻnatilgan 70 xil nomdagi 2 ming 500 ga yaqin badiiy adabiyotlar karvoni manzilga yetib keldi.

    Bu kitoblar tumandagi 38-umumtaʼlim maktabida barcha taʼlim muassasalariga teng taqsimlandi.

    Allomalarimiz aytganidek, kitob – beminnat ustoz. Har daqiqa u bizni donishmandlarning bilim xazinasi bilan oshno eta oladi. Darhaqiqat, kitobdan olinadigan bilim va maʼnaviy quvvatni hech bir manba bera olmaydi. Hatto bugungiday shiddat bilan rivojlanayotgan zamonda ham bu bebaho neʼmat oʻquvchining doimiy hamrohi boʻlib kelmoqda. Kitob oʻqigan oʻgʻil-qiz borki, fikri teran, oʻqishi namunali, saboqlarni oʻzlashtirishi taxsinga loyiq boʻladi.

    Eng sara asarlar durdonalaridan iborat kitoblar jamlanmasi oʻquvchi-yoshlarning dunyoqarashini yana-da kengaytirib, maʼnaviy dunyosini boyitishga xizmat qilishi shubhasiz. Taʼlim maskanlariga ushbu kitoblar yetkazilganidan soʻng, oʻquvchilar oʻrtasida kitobxonlikni yana-da targʻib qilish, ularda milliy va jahon adabiyoti durdonalarini mutolaa qilishga qiziqish uygʻotish maqsadida maktablarda “Kitob taqdimoti”, “Kitob haftaligi”, “Men sevgan adib” kabi tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.

    Minajatdin QUTLIMURATOV,

    Yangi Oʻzbekiston muxbiri