“Ana kir yuvadirgʻon mashinayu, mana dilibizor!”

    Mamlakatimizda 3 Iyul 2020 510

    Hozirgi kunda aholining maishiy texnikaga boʻlgan talabi kundan kunga ortib bormoqda. Natijada isteʼmolchilarning talabini qanoatlantirish maqsadida turli xildagi texnikalar sotuvga chiqarilyapti. Bu albatta quvonarli holat, ammo isteʼmolchilarni norozi qilayotgan holatlar ham uchrab turibdi, keling ularni koʻrib chiqaylik.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Qoʻngʻirot tumanida yashovchi fuqaro Q. Sersenbayev Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga 2020-yil 24-fevral kuni “Artel” rusumli 3.400 000 soʻmlik muzlatgichni sotib olgani ammo biroz muddatda tezda ishdan chiqqanligi haqida ariza qoldirdi. Ushbu muammo Federatsiya xodimlari tomonidan oʻrganilib, ijobiy hal qilib berildi.

    Yana bir holat Toshkent viloyati Olmaliq shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro M. Nigmuradova bilan sodir boʻldi. U Olmaliq shahar «Dinoma» magazinidan “Artel” rusumli konditsioner sotib olgan ammo isitish tizimi qisqa vaqtda oʻz kuchini yoʻqotgan. Ushbu muammo boʻyicha doʻkon xodimlariga yuzlanganida dilni xira qiluvchi gaplar eshitgan va Federatsiyaga murojaat qilgan. Vaziyat xodimlar tomonidan oʻrganilib, natijada murojaatchiga bepul serviz xizmat koʻrsatildi.

    Samarqand viloyati Urgut tumanida yashovchi G .Qurbonov ham “Artel” televizor sotib olgani, ammo nosoz chiqqanligidan norozi boʻlib murojaat qilgan. Uning talabi ham Federatsiya tomonidan ijobiy hal qilib berildi.

    Qashqadaryo viloyati Yakkabogʻ tumanidan G.Inamov esa “Artel” rusumli kir yuvish mashinasi sotib olgan, ammo tezda ishlamay qolganligidan shikoyat qilgan. Savdo xodimlari tomonidan nosozlik oʻz vaqtida bartaraf etilmaganligi sababli Federatsiya aralashuvi bilan hal qilib berildi.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kegeyli tumanidan ariza yoʻllagan fuqaro A. Membetnazarov ham “Artel” servisiga murojaat qilgani ammo talabi qondirilmaganidan shikoyat qilgan

    Navoiy shahar Umidqoʻrgʻoni tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro A. Zaynutdinova 3 870 000 ga konditsioner xarid qilgani ammo sifatsiz chiqib, yangisiga almashtirib berish yoki pulini qaytarib berishini soʻraganda talabi qondirilmaganidan shikoyat qilgan. Muammo esa Federatsiya tomonidan hal qilib berildi.

    Fargʻona viloyati Furqat tumanida yashovchi Sh.Yoʻldosheva esa Beshariq tumanidagi “Artel” savdo doʻkonidan 1 700 000 (bir million yetti yuz ming) soʻmga gaz plita sotib olgan va uyga olib kelib ishlatish jarayonida uning oynasi singan. Isteʼmolchi gaz plitasining oynasini 100 000 (yuz ming) soʻm evaziga almashtirgan. Qarangki, oradan hech qancha vaqt oʻtmasdan plitaning gorelkasi erib ketgan. Sotib olish jarayonida unga 3 yillik kafolat muddati borligi toʻgʻrisida aytishgani uchun bu masalada kompaniyaning servis markaziga murojaat qiladi. Servis markazi gorelkani kafolat muddati ichida bepul almashtirish choralarini koʻrishni paysalga solgan. Shundan soʻng fuqaro Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti portaliga mazkur masalada murojaat qiladi. Fuqaro murojaati tegishliligi boʻyicha Beshariq tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan oʻrganib chiqilib, servis markazi tomonidan gaz plitasining gorelka qismi kafolat muddati ichida bepul almashtirilishiga erishildi.

    Buxoro viloyati Olot tumanidan Sh.Gasanova bilan ham shunga oʻxshagan holat kuzatilgan. Fuqaro kir yuvish mashinasi xarid qilish maqsadida maishiy texnika doʻkoniga tashrif buyurib, “Artel” yorligʻi ostida ishlab chiqarilgan kir yuvish mashinasini 1.300.000 soʻmga xarid qiladi. Uyga borgach, tanlovda adashganligini anglaydi. Tadbirkorga arz qilishi foyda bermadi.. Gasanovaning bu muammo boʻyicha Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga murojaati bois 1.300.000 soʻm puli isteʼmolchiga toʻliq qaytarib olib berildi .

    Guvohi boʻlganingizdek, ushbu arizalarning deyarli barchasi mazmunan yaqin. Zamonaviy texnologiyalar rivojlanayotgan boʻlsada sifat masalasi hanuz dolzarbligicha qolmoqda. Toʻgʻri, muhimi hal qilinibdiku dersiz ammo, tan olish kerakki, kimga va qayerga murojaat qilishni bilmayotgan fuqarolarimiz anchagina.

    Hurmatli isteʼmolchilar, maishiy texnika borasida muammolaringiz boʻlsa, Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat qiling. Unutmang, huquqlaringiz qonun himoyasida!

    Aziza XOʻJAKELDIYEVA,

    Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish federatsiyasi bosh mutaxassisi