Xalqaro forumni oʻtkazishdan asosiy maqsad Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida zamonaviy yoʻnalish va mutaxassisliklar boʻyicha malakali kadrlar tayyorlash hamda ilmiy tadqiqot sohasida oʻzaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishdan iborat.

Mintaqalararo anjumanda ikki mamlakatning yuqori martabali davlat hokimiyati organlari vakillari hamda 80 dan ortiq nufuzli oliy taʼlim muassasasi rektorlari ishtirok etmoqda.

Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor ABDUVAXITOV, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Xorijiy mamlakatlar bilan xududlararo va madaniy aloqalar boʻyicha boshqarma boshligʻining oʻrinbosari Anton RЫBAKOV, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Abduqodir TOSHQULOV, Rossiya Federatsiyasi Fan va oliy taʼlim vazirining oʻrinbosari Dmitriy AFANASYEV kirish soʻzlari bilan anjuman qatnashchilariga murojaat qildilar.

Anjuman dasturidan, shuningdek, ish beruvchilar ehtiyojlariga muvofiq yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy-pedagogik xodimlar va iqtisodiyotning real sektoridagi korxona rahbarlari uchun malaka oshirish va qoʻshimcha kasb taʼlimi dasturlarini tashkil etish, ikki davlat oliy taʼlim muassasalarining zamonaviy sharoitlardagi hamkorligining innovatsion mexanizmlarini ishlab chiqish kabi keng qamrovli mavzular oʻrin olgan.

Anjuman yakunida mazkur yoʻnalishlar boʻyicha ikki tomonlama hamkorlik memorandumlari imzolanishi kutilmoqda, deyiladi xabarda.