Andijon: 3 ta mashina ishtirokida YTH sodir boʻldi

    Andijonda "Nexia-3", "Cobalt", "Lacetti" ishtirokida yoʻl-transport hodisasi sodir boʻldi. Hodisa oqibatida jarohat olganlar yoʻq.

    Bu haqda Andijon viloyati IIB JXX YHXB Axborot xizmati xabar berdi.

    Shu yilning 16-iyul kuni soat 19:20 larda, Andijon shahar Furqat hamda Lamanosov koʻchalari kesishgan tartibga solingan chorrahada haydovchi, 1978-yilda tugʻilgan M.A. boshqaruvidagi "Nexia-3" rusumli avtomashinasi orqaga keskin qayrilib olishi oqibatida, qarama-qarshi tomondan kelayotgan "Cobalt" rusumli avtomashina bilan toʻqnashib, yoʻl transport hodisasi sodir boʻldi.

    Hodisa oqibatida, "Nexia-3" rusumli avtomashina haydovchisi boshqaruvni yoʻqotib, Lamanosov koʻchasidan kelib, svetoforning qizil ishorasida toʻxtab turgan "Lacetti" rusumli avtomashinaga borib urildi.

    Hozirda holat yuzasidan Andijon shahar IIOFMB YHXB masʼul xodimlari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

    Barcha haydovchilardan belgilangan yoʻl harakati qoidalarga amal qilishlarini soʻraymiz, — deyiladi xabarda.