Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Aziz Abduhakimov va Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov viloyat ahlini mana shunday koʻrkam majmua barpo etilgani bilan muborakbod etishdi.

“​Oʻzbekiston Prezidenti topshirigʻiga koʻra, ommaviy sportni rivojlantirish toʻgʻrisida farmon qabul qilingan edi, shuningdek stadionlarni yangi konsepsiya - “Arenalar konsepsiyasi”ga oʻtkazish boʻyicha topshiriq berilgan edi. Bugunga kelib bu yoʻnalishda birinchi qadamlar tashlandi. Ilgari bu stadion 12 oyning atigi 1 oyi davomida, yaʼni taxminan 20-25 kun faoliyat yuritgan, bu vaqtda 10 tagina musobaqa oʻtkazilgan, xolos. Boshqa vaqt boʻsh turgan. Taʼkidlash joizki, arena avvallari yiliga 20-25 kun faoliyat yuritgan boʻlsa, endi madaniy, ommaviy, koʻngilochar tadbirlar oʻtkazish evaziga bu koʻrsatkich 100-120 barobarga oshiriladi. Biz bu loyihani yana bir yil davom ettirib, zamonaviy sport-koʻngilochar maskanga aylantiramiz”, - dedi Aziz Abduhakimov.

Davlat rahbari farmoniga koʻra, arena atrofida kichik koʻngilochar hudud barpo etilgan boʻlib, bu mazkur oʻyingohga kelgan aholining maroqli hordiq chiqarishi uchun xizmat qiladi. Ushbu stadion davlat-xususiy sektor sherikchiligi asosida tadbirkorga berilgan boʻlib, bugunga kelib tadbirkor oʻz hisobidan 6 milliard soʻmga yaqin xarajat qilgan. Shu bilan birga, tadbirkor bu yerda tijoriy faoliyatni ham yoʻlga qoʻygani uchun jamoa xarajatlarini ham oʻz zimmasiga olgan, bu bilan byudjetga ham 20 milliard iqtisod qilinmoqda.

Maʼlum qilinishicha, Oʻzbekistonning boshqa hududlaridagi stadionlar arenaga aylantirilishi ustida tizimli ravishda ish olib borilmoqda.

“​Ispaniyaga Butunjahon turizm tashkiloti yigʻilishiga borganimda u yerda “Atletica Madridʻ klubi rahbariyati bilan uchrashib, aynan shu arenalar tajribasini oʻrganib kelgan edim va mana bugun Oʻzbekistonda ham shu yoʻnalishdagi birinchi amaliy qadamlar qoʻyilmoqda. Arenaning atrofida koʻplab doʻkonlar tashkil qilinmoqda, ularda sport kiyimlari va aksessuarlari sotuvi yoʻlga qoʻyilgan. Ovqatlanish joylari tashkil etilmoqda. “Atletica Madridʻ tajribasini oʻrganish davomida ularning stadionda nafaqat sport tadbirlarini oʻtkazishlari, balki boshqa tadbirlarni oʻtkazish orqali qoʻshimcha xizmatlar va reklamalardan 30 foiz daromad olishlari maʼlum qilindi. “Bobur Arenaʻning atrofida bir necha LED-ekranlar oʻrnatilgan boʻlib, arena egalari reklama sotish evaziga ham daromad koʻrish imkoniga ega boʻladi. Bundan tashqari, mashhur xonandalar konsert dasturlari, yirik MMA janglarini oʻtkazish hisobiga ham arena doimiy ishlaydigan boʻladi. Tadbirlar koʻpaygani sayin tabiiyki bu yerga keluvchilar soni ham oshib boradi, bu esa reklama beruvchi talabgorlar sonining oshishiga olib keladi. Bu ham qoʻshimcha daromad keltiradi” - dedi Aziz Abduhakimov.

Xulosa qilib aytganda, Andijondagi “Bobur Arena” majmuasining faoliyat koʻlami kengayishi viloyatda turizm va sport sohalari rivoji yoʻlida xizmat qilish barobarida koʻplab yangi ish oʻrinlarining yaratilishiga olib keladi.