Andijon davlat chet tillari institutini tashkil etish to‘g‘risida

    Hujjatlar 31 May 2022 9446

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Chet tillarini o‘qitish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribani ta’lim tizimiga joriy qilish, chet tillarini mukammal egallagan oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tizimini takomillashtirish hamda xorijiy tillar bo‘yicha filologlar, pedagoglar, tarjimonlar va gid hamrohlarini tayyorlash tizimini yanada kengaytirish maqsadida:

    1. Andijon shahrida Andijon davlat chet tillari instituti (keyingi o‘rinlarda – Institut) tashkil etilsin.

    Belgilansinki, Institut yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida faoliyat yuritadi.

    2. Quyidagilar Institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilansin:

    xorijiy tillar sohasi bo‘yicha oliy ma’lumotli, ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash;

    o‘quv jarayonida xalqaro baholash dasturlari (TALIS, PIRLS, PISA) va standartlaridan foydalanish, o‘qitish va baholashning zamonaviy shakllari, metodlari va texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan pedagoglarni tayyorlash;

    yetakchi xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlikda qo‘shma ta’lim dasturlari joriy etish va ilmiy loyihalarni amalga oshirish;

    xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlarning amaldagi reytingida oliy ta’lim muassasalari orasida yuqori 1 000 talik o‘rinni egallagan xorijiy oliy ta’lim muassasasining dasturi asosida o‘z ta’lim dasturlarini shakllantirish, yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan mustaqil ravishda qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni joriy etish;

    ta’limni zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida tashkil etish, jumladan, o‘quv jarayoniga raqamli texnologiyalarni tatbiq qilish, shuningdek, o‘quv jarayonini talabalarda mustaqil ta’lim olish va amaliy, jumladan, sinxron, badiiy, ketma-ket va ilmiy-texnik tarjima ko‘nikmalarini shakllantirishga yo‘naltirish;

    Institutning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish, jumladan, professor-o‘qituvchilar stajirovkasi va malaka oshirishini nufuzli respublika va xorijiy oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlarida tashkil etish.

    3. Quyidagilar:

    Andijon davlat chet tillari instituti faoliyatini tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga muvofiq;

    Andijon davlat chet tillari institutini 2026 yilga qadar rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari 2-ilovaga muvofiq;

    Andijon davlat chet tillari institutida tashkil etiladigan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari ro‘yxati 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

    4. Belgilab qo‘yilsinki:

    a) Institutda o‘quv jarayoni 2022/2023 o‘quv yilidan boshlanadi hamda talabalarga ikkita xorijiy til bo‘yicha kvalifikatsiya beriladi;

    b) Andijon davlat universiteti va uning Pedagogika institutiga xorijiy tillar yo‘nalishlarida bakalavriat va magistratura bosqichlarida kadrlar tayyorlash bo‘yicha ajratiladigan davlat buyurtmasi kvotasi 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab Institutga yo‘naltiriladi;

    v) Institutga talabalarni qabul qilish parametrlari har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi va qo‘shimcha qabul parametrlari doirasida aniqlanadi;

    g) Institutning bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab kirish imtihonlarida fanlar majmuasidagi chet tili fanidan 4 ta ko‘nikmani (tinglab tushunish, o‘qish, yozish va gapirish) baholashga qaratilgan kasbiy (ijodiy) imtihon o‘tkaziladi. Bunda:

    chet tilini bilish darajasi B2 va undan yuqori milliy sertifikatga yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lgan abituriyentlarga ushbu fandan o‘qishga kirish sinovlarida imtihonsiz maksimal ball beriladi;

    chet tili fanidan kasbiy (ijodiy) kirish imtihonlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan amalga oshiriladi;

    d) Institutning magistratura mutaxassisliklariga kirishda xorijiy tilni bilish darajasi bo‘yicha S1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikat va bakalavriat diplom ballining o‘rtacha ko‘rsatkichi inobatga olinadi hamda qo‘shimcha imtihonlar o‘tkazilmaydi;

    ye) Institutning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan mutaxassislik fanlaridan xorijiy tilda dars beradigan S1 darajasidan kam bo‘lmagan milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikatga ega o‘qituvchilariga ularning bazaviy tarif stavkasiga nisbatan har oylik 50 foiz miqdorida qo‘shimcha ustama haqi to‘lab borilishi mumkin.

    5. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi:

    a) 2022 yil 1 iyulga qadar Institutni tanlov asosida amaliy tajriba va (yoki) ilmiy darajaga ega bo‘lgan yuqori malakali professor-o‘qituvchilar bilan to‘ldirish choralarini ko‘rsin;

    b) 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab Institutning xorijiy tillar o‘qituvchilari S1 darajasidan kam bo‘lmagan milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lishini hamda dars mashg‘ulotlarini tegishli tillarda olib borilishini ta’minlasin;

    v) 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab:

    Institutning mutaxassislik fanlar (xorijiy tildan tashqari) o‘qituvchilarining B2 darajadan kam bo‘lmagan milliy yoki unga tenglashtirilgan xalqaro tan olingan sertifikatga ega bo‘lishini;

    Institutning o‘quv jarayoniga til egasi bo‘lgan malakali xorijiy mutaxassislarni jalb qilinishini tashkillashtirsin. Bunda, xorijiy mutaxassislarning oylik ish haqi bozor kon’yunkturasi asosida aniqlanadi hamda Institutning byudjetdan tashqari mablag‘lari va Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan moliyalashtiriladi;

    g) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2022 yil 1 sentyabrga qadar Institutni zarur telekommunikatsiya vositalari bilan jihozlash hamda yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘iga ulash choralarini ko‘rsin.

    6. Andijon viloyati hokimligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda Institut talabalarini amaliyot o‘tash uchun hududdagi korxonalar, turizm va madaniy meros ob’ektlari, ta’lim va boshqa tashkilotlarga biriktirish hamda yuqori kurs talabalarini ish haqi to‘lanadigan tizim orqali band qilish choralarini ko‘rsin.

    7. Innovatsion rivojlanish vazirligi filologiya fanlari tarmog‘ining tegishli ixtisosliklari bo‘yicha yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, 2023 yildan boshlab Institutga doktorantura bo‘yicha kvota ajratilishini ta’minlasin.

    8. Xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish agentligi quyidagi yo‘nalishlarda Institutga yaqindan ko‘maklashsin:

    xorijlik ekspertlarni jalb etgan holda professor-o‘qituvchilar va mutaxassislar uchun malaka oshirish, jumladan, sinxron tarjima qilish ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha kurslarni tashkil qilishda;

    professor-o‘qituvchilarning zamonaviy o‘qitish ko‘nikmalarini rivojlantirishda va chet tilini bilish darajasini aniqlash bo‘yicha sertifikat olishida;

    Institutning bo‘sh auditoriyalarida xorijiy tillarni o‘qitish kurslarini tashkil etib, talabalarga qo‘shimcha daromad topishlari uchun zarur sharoit yaratishda;

    aholi va ta’lim muassasalari uchun chet tillarini o‘rganishda ko‘mak beruvchi kontentlarni shartnoma asosida yaratishda.

    9. Belgilansinki:

    Institut faoliyati Davlat byudjeti mablag‘lari, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitishdan tushadigan mablag‘lar, xo‘jalik faoliyati va shartnoma asosida xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan tushumlar, homiylik xayriyalari va grantlar hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi;

    Institutning boshlang‘ich faoliyatini samarali tashkil etish, xususan uning bino va inshootlarini ta’mirlash hamda jihozlash ishlari Oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi;

    mazkur qarorni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlarni moliyalashtirish 2022 yilda O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchi sifatida Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga ajratilgan mablag‘lar doirasida amalga oshiriladi, 2023 yildan boshlab – Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

    10. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi hamda Andijon viloyati hokimligining quyidagi bino va inshootlarni tegishli hududi bilan birgalikda Institutga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin:

    Andijon shahar, Boburshoh ko‘chasi, 5-uy manzilida joylashgan Andijon davlat universitetining o‘quv binolarini;

    Andijon shahar, Boburshoh ko‘chasi, 20-uy manzilida joylashgan Andijon davlat universitetining talabalar turar joyini;

    Andijon davlat universitetining Andijon viloyati, Xonobod shahri, “Kampirrovot” MFY hududida joylashgan dam olish maskanini.

    11. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi bilan birgalikda tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga asosan Institutning bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish, yangi o‘quv binosi va talabalar turar joyini qurish hamda ularni jihozlash loyihalarini O‘zbekiston Respublikasining 2023 yil va kelgusi yillarga mo‘ljallangan Investitsiya dasturiga belgilangan tartibda kiritilishini ta’minlasin.

    12. Andijon viloyati hokimligi Institut faoliyatini samarali tashkil etish uchun boshqa hududlardan jalb etilgan professor-o‘qituvchilarni uy-joy bilan ta’minlash maqsadida Institutga yaqin hududda joylashgan ko‘p qavatli uy-joylardan xizmat uylarini Institutga tekin foydalanish huquqi asosida ajratsin.

    Institutga o‘zining byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan boshqa hududlardan jalb etilgan professor-o‘qituvchilar uchun qulay shart-sharoit yaratish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, xususan ijara to‘lovini kompensatsiya qilishga ruxsat etilsin.

    13. Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

    14. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.X.Toshkulov hamda Andijon viloyati hokimi Sh.K.Abduraxmonov belgilansin.

    Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi

    Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,

    2022 yil 31 may