Binoning tantanali ochilish marosimida Andijon viloyat hokimi, hokimiyat vakillari, tibbiyot instituti rahbariyati hamda oʻqituvchi professorlar, talabalar ishtirok etdi.
Marosimda mamlakatimizda keyingi yillarda tibbiyot sohasi, ayniqsa, tarmoqqa malakali kadrlar tayyorlash tizimiga katta eʼtibor berilayotganini qayd etildi. Xususan, Andijon davlat tibbiyot instituti tashkil etilishi, yildan-yilga uning salohiyati, moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib borayotgani bunga yaqqol misol ekanligi taʼkidlandi.
Joriy oʻquv yilida Andijon davlat tibbiyot institutida tahsil olish istagida boʻlgan yoshlarning soni ikki baravardan ortgan. Talabalar soni shunga mos ravishda koʻproq qabul qilindi. Shunday vaziyatda 880 oʻrinli 2-oʻquv-laboratoriya binosining foydalanishga topshirilishi ayni muddao boʻldi.
Shuningdek, unda 2 ta 120 oʻrinli, 2 ta 40 oʻrinli maʼruza zali, 100 ga yaqin oʻquv auditoriyalari zamonaviy qattiq va yumshoq inventarlar, kompyuter, proyektor, televizor kabi texnologiyalar, laboratoriya uskunalari bilan taʼminlangan. Yangi binoda maʼruzalar zallari, oʻquv va laboratoriya xonalari, oshxona, maʼnaviy-maʼrifiy xonalar mavjud boʻlib, talaba va pedagoglarning dars jarayonlarini olib borishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.









