Bahorning ilk nafasi, yangilanish va ezgulik ramzi boʻlgan ushbu bayram universitet hududida oʻziga xos shukuh, quvonch va milliy ruh bilan oʻtdi. Rang-barang chiqishlar, milliy taomlar, kuy-qoʻshiqlar va xalq oʻyinlari bayramga alohida fayz bagʻishladi.

Andijon davlat universitetida “Navroʻzni ulugʻlash – insonni ulugʻlashdir!” shiori ostida oʻtkazilgan tadbirda professor-oʻqituvchilar, talaba-yoshlar hamda mehmonlar faol ishtirok etdi.

Bayramda universitet rektori Baxtiyorjon Akbaraliyev yigʻilganlarni oliygoh jamoasi nomidan samimiy muborakbod etdi.

Tadbir davomida soʻzga chiqqanlar mamlakatimizda taʼlim tizimini modernizatsiya qilish, uni zamonaviy talablar va xalqaro standartlar asosida rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, ayniqsa, oliy taʼlim sohasiga qaratilayotgan eʼtibor va talaba-yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlarga alohida toʻxtaldi.

Shundan soʻng “Navroʻzni ulugʻlash – insonni ulugʻlashdir!” shiori ostida teatrlashtirilgan konsert dasturi namoyish etildi. Unda universitet talabalari hamda madaniyat xodimlari tomonidan turli milliy urf-odatlar va anʼanalar aks ettirilgan sahna koʻrinishlari, qoʻshiq va raqslar ijro etildi.

Navroʻz sayli ishtirokchilarga koʻtarinki kayfiyat ulashib, milliy qadriyatlarimizni yana bir bor namoyon etdi.