Andijon davlat universitetining Pedagogika instituti tashkil etildi

    Ta'lim 6 Aprel 2021 6708

    Vazirlar Mahkamasining “Andijon davlat universitetining Pedagogika instituti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

    Vazirlar Mahkamasi qaroriga koʻra, Andijon davlat universitetining pedagogika taʼlim sohasi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari negizida Andijon davlat universitetining Pedagogika instituti tashkil etildi.

    Institutning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

    – hududda pedagogika soha va tarmoqlarining rivojlanish istiqbollari va ustuvor vazifalari, shuningdek, zamonaviy texnika hamda texnologiyalarning rivojlanish tendensiyalarini hisobga olgan holda pedagogika sohasi boʻyicha tarbiya va oʻqitish usullari, taʼlim jarayonida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qoʻllash koʻnikmalariga ega professional oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlash;

    – Institutning mintaqa va xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirish maqsadida xorijiy fuqarolar uchun taʼlim olish imkoniyatini kengaytirish va ilgʻor xalqaro tajribani tatbiq etish;

    – oʻquv va ilmiy laboratoriya xonalarini tashkil etish, zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlash hamda oʻquv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish;

    – taʼlim va ilmiy izlanishlar jarayoniga malakali mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida respublika va xorijiy yetakchi oliy taʼlim muassasalari hamda ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;

    – xorijiy yetakchi va nufuzli oliy taʼlim muassasalarining ilgʻor tajribasini tatbiq etish asosida malaka talablari, oʻquv rejalari va fan dasturlarini ishlab chiqish, oʻquv va ilmiy-uslubiy taʼminotni takomillashtirish va amaliyotga joriy etish;

    – taʼlim jarayoniga raqamli texnologiyalarni joriy etish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya va taʼlim texnologiyalarining mustahkam integratsiyasini taʼminlash;

    – pedagogika taʼlim sohasini rivojlantirishning ilmiy-metodik vazifalarini hal etish, ilgʻor xorijiy pedagogik texnologiyalarni joriy qilishga yoʻnaltirilgan ilmiy tadqiqotlar olib borish va iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishga keng jalb etish;

    – respublika va xorijiy oliy taʼlim hamda ilmiy muassasalariga istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali Institutning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish.

    Institutda oʻquv jarayoni 2021/2022 oʻquv yilidan boshlanadi;

    2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Universitetda pedagogika taʼlim sohasining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari va ularning negizidagi tegishli magistratura mutaxassisliklari boʻyicha qabul toʻxtatiladi hamda ushbu bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va uning negizidagi tegishli magistratura mutaxassisliklari boʻyicha tahsil olayotgan talabalar oʻqishni bitirgunlariga qadar Universitetda taʼlim jarayonini davom ettiradilar.

    Andijon viloyati, Andijon shahri, Doʻstlik koʻchasi, 4-uy hamda Andijon shahri, Choʻlponshoh koʻchasi, 38-uy manzillaridagi Universitetning bino va inshootlari tegishli hududi bilan birgalikda Institutga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladi.