Andijon futbol klubi aʼzosiga jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

    Sport 14 Avgust 2024 701

    U Milliy gvardiya harbiy xizmatchisiga tan jarohati yetkazdi.

    Joriy yilning 11-avgust kuni Chilonzor tumani “Bunyodkor” stadionida “Bunyodkor” — “Andijon” jamoalari oʻrtasida futbol uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

    “Andijon” futbol klubi aʼzosi Marlen Ch. stadionning VIP boʻlimida oʻyinni tomosha qilgan. Uchrashuv yakunlanganidan soʻng, soat 22:05 da futbolchi VIP boʻlimi orqali ichkariga kirishga uringan. Maxsus ruxsatnomaga (beydjik) ega boʻlmagan fuqarodan Milliy gvardiya harbiy xizmatchisi uning qayerga ketayotganligini, chiqish uchun boshqa yoʻlakdan foydalanishi zarurligini aytgan. Ammo fuqaro Marlen Ch. harbiy xizmatchining qonuniy talablariga boʻysunmasdan, xizmat faoliyatiga qarshilik koʻrsatib, uning yuz qismiga qoʻli bilan bir marotaba urib, tan jarohati yetkazgan.

    Hozirda mazkur holat yuzasidan Chilonzor tumani prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 219-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.