Tez suratlarda halq orasida mashhur boʻlgan “Andijon muzqaymogʻi” Andijon viloyati, Andijon shahar, Industrial koʻchasi, 12 uyda istiqomat qiluvchi Madraximov Hikmatulloh Neʼmatullo oʻgʻliga tegishlidir.
Afsuski, soʻnggi paytlarda ushbu xalq ishonchiga kirgan, sevib isteʼmol qilinadigan mahsulotning ham kontrafakt nusxalari koʻpayib ketdi. Qayerga qaramang “uddaburon tadbirkorlar” tomonidan guyoki samolyot orqali Andijondan olib kelingan degan yolgʻon maʼlumot bilan “Andijon muzqaymogʻi” nomi ostida sifatsiz mahsulot sotilmoqda.
Ushbu holatlar Agentlik tomonidan befarq qoldirilmadi. Joriy yilning 24-may kuni Agentlikning Andijon viloyat Intellektual mulk himoyasi markazi xodimlari tomonidan “Andijon muzqaymogʻi”ni ishlab chiqaruvchi egasi H.Madraximovning uyiga borilgan holda unga ishlab chiqarayotgan mahsulotiga tovar belgisini olishi lozimligi, oʻz brendini rasmiylashtirishi “Andijon muzqaymogʻi”ning umrini uzaytirishi, kontrafakt nusxalari taʼsirida asl mahsulotga ham ishonch yoʻqolishi, bozorining kasodga uchrashi ehtimolligi haqida batafsil tushuntirish berildi, deya xabar beradi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi.
Natijada H.Madraximov tomonidan “Andijon muzqaymogʻi” tovar belgisini brend sifatida roʻyxatdan oʻtkazish uchun Agentlikka talabnoma topshirildi.
Agentlikning maʼlum qilishicha, muzqaymoq aynan Andijonda tayyorlangani va oʻziga xosligidan kelib chiqib brend sifatida roʻyxatdan oʻtkazilmoqda. Birinchidan, tovar nomini muhofazalash orqali tadbirkorlar oʻz mahsulotlaridan boshqalarning ruxsatsiz foydalanishi hamda soxta yoki kontrafakt nusxalari paydo boʻlishidan himoya qilsa, ikkinchidan, brendni rivojlantirish orqali tovarning qiymati oshadi, qoʻshimcha daromad olishiga va oʻz faoliyatini yana-da kengaytirishiga sabab boʻladi.
Shuni taʼkidlash lozimki, Agentlik bu kabi mahalliy brenlarning rivojlanishini har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi va brendlarning kontrafakt nusxalarini koʻpayishiga qarshi jadal kurash olib boradi hamda ularning javobgarlikka tortilishini taʼminlaydi.
Shu bois, endilikda “Andijon muzqaymogʻi” ham Davlat muhofazasiga olinadi hamda Agentlik va uning hududiy markazlari “Andijon muzqaymogʻi” brendining muhofaza qilinishini taʼminlaydi.
Darhaqiqat, bir mahsulotni ishlab chiqarishgacha boʻlgan gʻoyalarni umumlashtirish, uni nomlash, sifatli boʻlishi uchun alohida vaqt, mablagʻ sarflash, tayyor mahsulot holatiga keltirib uni savdoga chiqarishgacha ketgan mashaqqat va mehnatning qadrliligini oʻsha asos soluvchining oʻzi juda yaxshi biladi.