“Andijon muzqaymogʻi” endilikda “Anjan muzqaymogʻi” brend nomi bilan himoya qilinadi

    Biznes 15 Iyul 2021 1656

    Tez suratlarda halq orasida mashhur boʻlgan “Andijon muzqaymogʻi” respublikamizning barcha hududlariga yetib bordi va oʻzining noodatiy taʼmi bilan xaridorlarning ishonchi hamda mehriga sazovor boʻldi.

    Ammo shu kunlarda qayerga qaramang asl “Andijon muzqaymogʻi”ning sifatiga mos kelmagan, kontrafakt mahsulot turlari koʻpayib, koʻchalarda guyoki samolyot orqali Andijondan olib kelingan degan yolgʻon maʼlumot bilan sotilmoqda.

    Darhaqiqat, Buxoro, Samarqand, Toshkent hatto Qoraqalpogʻistonda ham haqiqiy “Andijon muzqaymogʻi” singari uning sifatsiz turlari tarqalib ulgurdi. Bu esa asl mahsulot egasining tadbirkorlik faoliyatiga jiddiy ziyon yetkazdi. Natijada “Andijon muzqaymogʻi”ning egasi yaʼni tadbirkor H.Madraximovning oʻz brendini himoya qilishga ehtiyoji yuzaga keldi.

    Kuni kecha tadbirkor H.Madraximov Intellektual mulk agentligiga “Andijon muzqaymogʻi”ni oʻzgartigan holda “Anjan muzqaymogʻi” tovar belgisini tezkor ekspertiza orqali roʻyxatdan oʻtkazish uchun talabnoma topshirdi hamda unga Agentlik tomonidan guvohnoma taqdim etildi.

    Endi xalq sevib isteʼmol qilayotgan ushbu muzqaymoq “Anjan muzqaymogʻi” brendiga aylandi. Demak, kelgusida kimda-kim ushbu brend nomi bilan muzqaymoq ishlab chiqarsa, qonunda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi, deya xabar beradi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligi rasmiy kanali.

    Birinchidan, tovar nomini muhofazalash orqali tadbirkorlar oʻz mahsulotlaridan boshqalarning ruxsatsiz foydalanishi hamda soxta yoki kontrafakt nusxalari paydo boʻlishidan himoya qilsa, ikkinchidan, brendni rivojlantirish orqali tovarning qiymati oshadi, qoʻshimcha daromad olishiga va oʻz faoliyatini yana-da kengaytirishiga sabab boʻladi.

    Shuni taʼkidlash lozimki, Agentlik bu kabi mahalliy brenlarning rivojlanishini har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi va brendlarning kontrafakt nusxalarini koʻpayishiga qarshi jadal kurash olib boradi hamda ularning javobgarlikka tortilishini taʼminlaydi.