Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon viloyati boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvlarda, Andijon shahar xalq taʼlimi boʻlimining markazlashgan moliya-buxgalteriya sobiq hisobchisi T.A. 2019-2020-yillarda maktabda haqiqatda ishlamagan 34 nafar fuqaroni ishlaganligi toʻgʻrisida toʻlov topshiriqnomalariga soxta maʼlumotlar kiritish orqali ish haqi hisoblab, 526,9 million soʻm byudjet mablagʻlarini talon-toroj qilganligi aniqlangan.

Xuddi shunday, Asaka tuman xalq taʼlimi boʻlimi xodimi Sh.Z. va boshqalar malaka toifasini oshirish boʻyicha oʻtkazilgan attestatsiya sinovlaridan oʻtmagan 24 nafar xodimga soxta sertifikatlarni rasmiylashtirish orqali 136,1 million soʻm byudjet mablagʻlari rastrata qilish yoʻli bilan talon-toroj qilinganligi aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (talon-toroj qilish) va 209-moddasi (mansab soxtakorligi) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.