2024-yilning 2-iyul sanasidan eʼtiboran 1-sonli “Gulshan MFY – Andijon shahar shifoxonasi” avtobus yoʻnalishi brutto-shartnoma tizimiga oʻtkazildi. Ushbu yoʻnalishga 20 dona avtobus biriktirilgan boʻlib, qatnov oraliq intervali 10 daqiqani tashkil etadi.
Shu munosabat bilan yoʻlovchilarning avtobuslarga chiqishi va tushishi qatʼiy tartibda oraliq bekatlaridan amalga oshirilishi lozim. Haydovchilarga tegishli yoʻriqnomaga asosan faqat bekatlarda yoʻlovchi olish va tushirishi, qatʼiy jadval asosida harakatlanishi, yoʻlovchi bor yoki yoʻqligidan qatʼiy nazar har bir bekatlarda toʻxtab oʻtishi lozimligi tushuntirilgan.
Yangi tizimga muvofiq tashuvchi bosib oʻtilgan yoʻl va sifat mezonlari asosida yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatishi lozim. Tez orada yana 3 ta shahar avtobus yoʻnalishi bosqichma-bosqich ravishda ushbu tizimga oʻtkaziladi.
Maʼlumot uchun: brutto-shartnoma tizimi – yoʻnalishlarda cheklangan tariflarda yoʻlovchi tashish xizmatlari uchun “bosib oʻtilgan yoʻl” va “sifat” mezonlaridan kelib chiqqan holda hisob-kitob qilishni nazarda tutuvchi vakolatli organ va tashuvchi oʻrtasida tuzilgan shartnoma.