Andijon shahrida oʻzini bank xodim deb tanishtirgan firibgar ushlandi

    Oʻzini goʻyoki TIF “Milliy bank” Andijon viloyati filiali xodimi deb tanishtirgan.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Andijon shahar boʻlim tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda muqaddam firibgarlik va boshqa jinoyatlari uchun sudlangan Sh.X. ushlangan.

    U fuqaro S.R.ga oʻzini goʻyoki TIF “Milliy bank” Andijon viloyati filiali xodimi deb tanishtirib, ushbu bankda yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida 50 mln soʻm evaziga 500 mln soʻm ipoteka krediti ajratib berishini aytib, ushbu pullar hisobidan 2 500 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qoʻlga olingan.

    Departament tomonidan maʼlum qilinishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.