Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezident taʼlim muassasalari agentligi direktori Hilola Umarova, Oʻzbekiston qahramoni Kamoliddin Gapirovlar soʻz olib Yurtboshimiz tashabbusi bilan mamlakatimizning eng iqtidorli va bilimli yoshlari uchun bunyod etilgan maktab, tom maʼnoda yuksak imkoniyatlar maktabi boʻlib qolishini taʼkidladilar.
Shundan soʻng mehmonlar maktab faoliyati bilan tanishib, oʻquv jarayonlarini kuzatdilar.
— Ushbu maktabda oʻquv jarayoni tubdan yangi texnologiyalar asosida tashkil etilgan deydi, — Science (tabiiy fanlar) oʻqituvchisi Sherzodbek Nuraliyev. —Darslar xorijning nufuzli universitetlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan oʻquv rejalar va dasturlar boʻyicha ingliz tilida amalga oshiriladi. Eslatib oʻtamiz, Prezident maktablari bitiruvchilari belgilangan tartibda davlat tomonidan tasdiqlangan shahodatnoma, attestat bilan bir qatorda xalqaro darajadagi tegishli dastur diplomi (International Baccalaureate, Advanced Placement yoki International Advanced Levels)ga ega boʻladilar, bu esa oʻz navbatida xorijiy oliy oʻquv yurtlariga kirish imkonini beradi.