Andijon: shifokorlarning notoʻgʻri tashxisi bilan homilador ayol vafot etdi

    Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatida shifokorlarning notoʻgʻri tashxisi tufayli homilador ayol vafot etgani xususida xabarlar tarqaldi.

    Holat boʻyicha Sogʻliqni saqlash vazirligi maʼlumot berdi.

    Qayd etilishicha, ushbu holat Andijon shahar perinatal markaziga koʻrichak bilan ogʻrib murojaat qilgan 26 yoshli, 8 oylik homilador ayolni shifokorlar toʻlgʻoq keltiruvchi ukol yordamida tugʻdirib olishgan. Shifokorlardan biri uning turmush oʻrtogʻiga ayolida kuchli sehr borligini, tezda chalpak va holvaytar qilib tarqatmasa, ayoli oʻlishi mumkinligini aytgan. Ammo shundan keyin uning ahvoli yomonlashgan va koʻrichak yorilishi oqibatida vafot etgan. Shifokorlar esa bemorning koʻrichak boʻlganini tugʻruqdan keyin bilishgan.

    Maʼlumotlarga koʻra, tarmoqlarda ushbu xabar tarqalgandan soʻng mazkur holat toʻliq nazoratga olinib, vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida maxsus Ishchi guruh tomonidan tezkor oʻrganish ishlari oʻtkazildi.

    Ayni paytda holat yuzasidan tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilyapti.

    Yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklarga huquqiy baho berish taqozo qilingani sababli ekspertlarning dastlabki xulosalari hamda tegishli hujjatlar prokuratura organlariga taqdim etildi, — deyiladi xabarda.