Andijon tumanidagi xonadonda sodir boʻlgan yongʻin bartaraf etildi

    2-dekabr kuni kechqurun Andijon tumanidagi “Kurama” MFYda joylashgan xonadonda yongʻin sodir boʻldi. Tezkor yetib kelgan yongʻin-qutqaruvchilar alangani qisqa fursatda oʻrab olib, toʻliq oʻchirishga muvaffaq boʻldi.

    Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabariga koʻra, 2-dekabr kuni soat 22:33 da Andijon tumani “Kurama” MFY, Serfayz koʻchasidagi yashash xonadonida yongʻin yuz bergani haqida murojaat kelib tushgan.

    Koʻrilgan choralar asosida 4 ta yongʻin-qutqaruv ekipaji soat 22:44 da hodisa joyiga yetib borgan va 22:49 da alangani oʻrab olingan. Yongʻin soat 23:30 da toʻliq bartaraf etilgan.

    Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, yongʻin oqibatida uyning shift va tom qismi, shuningdek, ayrim roʻzgʻor buyumlari zararlangan. Tan jarohati olganlar haqida maʼlumot kelib tushmagan.

    Hozirda yongʻinning kelib chiqish sababi va yetkazilgan zarar miqdori boʻyicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.