Andijon viloyati hokimlik matbuot xizmati hokim bilan bogʻliq tarqalgan video yuzasidan munosabat bildirdi

    Maʼlumotlar tarqatganlik holati boʻyicha prokuratura organlariga belgilangan tartibda shikoyat arizasi yuborilgan.

    Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati hokimi bilan bogʻliq videolar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati rasmiy munosabat bildirdi.

    Unda yozilishicha, internet tarmogʻida Sh.Abdurahmonov aks etganligi iddao qilingan video tarqalishi ortidan, ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim sahifalarda viloyat hokimining shaʼni va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda obroʻsizlantiruvchi haqoratomuz postlar eʼlon qilingan.

    Shu sababli insonning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitilishiga olib keluvchi maʼlumotlar tarqatganlik holati boʻyicha prokuratura organlariga belgilangan tartibda shikoyat arizasi yuborildi.

    Hozirda qonunga xilof bunday maʼlumotlar tarqatgan shaxslarni aniqlash va ularga nisbatan qonun doirasida chora koʻrish boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

    Maʼlumot uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13-moddasiga koʻra, inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Ushbu oliy qadriyatni buzganlik uchun qonunchilikda tegishli javobgarlik belgilangan, deyiladi rasmiy munosabatda.