Andijon viloyati Asaka tumanini obodonlashtirish va arxitektura qiyofasini yanada yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida

    Hujjatlar 2 Aprel 2021 8326

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

    Andijon viloyati Asaka tumanining arxitektura qiyofasini yanada yaxshilash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 dekabrdagi PQ–4937-son qarori bilan tasdiqlangan 2021 yilda investitsiya loyihalari doirasida investitsiya va kreditlarni o‘zlashtirish bo‘yicha yig‘ma manzilli dasturga muvofiq “Asaka city” turar joy majmuasini qurish” loyihasini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:

    1. Quyidagilar:

    Andijon viloyati Asaka tumani “Chek” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Asaka city” zamonaviy ko‘p funksiyali majmuani (keyingi o‘rinlarda – “Asaka city” majmuasi) barpo etish uchun 53,3 gektar yer maydoni tanlanganligi;

    “Avtosanoat-Injiniring” MCHJ “Asaka city” majmuasi loyihasining (keyingi o‘rinlarda – Loyiha) bosh rejasini (batafsil rejalashtirish loyihasini) ishlab chiqish bo‘yicha buyurtmachi etib, “Tashgiprogor” AJ esa tanlov asosida bosh loyiha tashkiloti etib belgilanganligi;

    2020 yil 31 dekabrga qadar Loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar (loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish, qurilish-montaj ishlariga ruxsat olish, tayyorgarlik ishlari hamda Loyihani amalga oshirish bo‘yicha boshqa xarajatlar) “Avtosanoat-Injiniring” MCHJ tomonidan o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilganligi;

    “Avtosanoat-Injiniring” MCHJ tomonidan avtomobilsozlik sanoati xodimlarini arzon turar joylar bilan ta’minlash maqsadida “Asaka city” majmuasida bir qator namunaviy ko‘p kvartirali uylarni qurish ishlari boshlanganligi;

    2021 yildan boshlab “Asaka city” majmuasida ob’ektlarni qurish investorlarning mablag‘lari, shu jumladan kreditlar, homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshirilishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

    2. Andijon viloyati hokimligi va “O‘zavtosanoat” AJning Andijon viloyati, Asaka tumani, “Chek” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan, qishloq xo‘jaligida foydalanish uchun yaroqsiz ahvolga kelib qolgan 53,3 gektar sug‘oriladigan toshloq va unumdorligi past bo‘lgan yer maydonida Loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

    Andijon viloyati hokimligi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda bir oy muddatda Loyihani amalga oshirish uchun ushbu bandning birinchi xatboshisida nazarda tutilgan yer maydoni “Avtosanoat-Injiniring” MCHJga ajratilishini ta’minlasin.

    3. Belgilansinki, Loyihani amalga oshirish doirasida:

    “Avtosanoat-Injiniring” MCHJ tanlangan hududda “Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlari qurilishi bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish doirasida direksiyalar uchun qonunchilikda nazarda tutilgan ob’ektlarni qurish va ulardan foydalanish direksiyasi funksiyalari va vazifalarini, xususan, buyurtmachi funksiyalarini bajarish, qurilishni muvofiqlashtirish va nazorat qilish hamda ob’ektlardan foydalanishni amalga oshiradi;

    investorlar “O‘zavtosanoat” AJ va “Avtosanoat-Injiniring” MCHJ vakillari ishtirokida Andijon viloyati hokimligi qoshidagi “Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlari hududida loyihalar tashabbuskorlarini tanlab olish va joylashtirish bo‘yicha tanlov komissiyasi tomonidan o‘tkaziladigan eng yaxshi investitsiya takliflarining tanlovi yakunlari bo‘yicha jalb qilinadi;

    Loyihani amalga oshirishda ishtirok etuvchi – direksiya funksiyalarini bajaruvchi yuridik shaxs, investorlar, bosh pudrat tashkilotlari hamda tashkilotlar-norezidentlarga nisbatan “Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlari qurilishi bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish doirasida qonunchilik hujjatlarida belgilangan soliq va bojxona imtiyozlari tatbiq etiladi;

    Loyihani amalga oshirish uchun sug‘oriladigan yer maydoni ajratilishi bilan bog‘liq qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiliklari o‘rnini qoplash bo‘yicha to‘lanadigan kompensatsiya to‘lovlari, istisno tariqasida, undirilmaydi.

    4. Andijon viloyati hokimligi:

    a) Moliya vazirligi, Energetika vazirligi, Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va “O‘zbektelekom” AK bilan birgalikda:

    bir oy muddatda Loyihani amalga oshirishda muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilma ob’ektlarini tashkil etish bo‘yicha tarmoq jadvallari ishlab chiqilishini va tasdiqlanishini;

    Loyiha ob’ektlarining joylashuviga muvofiq, Andijon viloyatining mahalliy byudjeti, shuningdek, xizmatlarni yetkazib beruvchilar mablag‘lari hisobidan Loyihaning bo‘linish chegarasiga qadar zarur muhandislik-kommunikatsiya va ishlab chiqarish infratuzilma ob’ektlarini qurish va modernizatsiya qilish ishlari bajarilishini;

    b) sug‘oriladigan yer maydonlari qisqarib ketishining oldini olish maqsadida Loyiha uchun ajratilayotgan sug‘oriladigan yer maydoniga teng miqdorda yangi yerlar o‘zlashtirilishini ta’minlasin.

    5. Qurilish vazirligi Loyiha amalga oshiriladigan hududdagi ob’ektlarda qurilish-montaj ishlari shaharsozlik normalari va qoidalariga rioya etilgan holda bajarilishi ustidan belgilangan tartibda nazorat o‘rnatsin.

    6. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

    O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOEV

    Toshkent shahri,
    2021 yil 2 aprel