Andijon viloyati hokimining turizm va sportni rivojlantirish masalalari boʻyicha maslahatchisi Aziz Maksumov “INDY GUIDE” asoschisi va rahbari Ati Tosun bilan onlayn uchrashuv oʻtkazdi.
Unda Shveysariyaning lIndy Guide” platformasida Andijon viloyati uchun maxsus boʻlim tashkil qilinishiga doir kelishuvga erishildi. Videomuloqot doirasida Andijon viloyatining oʻziga xos madaniyati, diqqatga sazovor maskanlari, hunarmandchilik mahsulotlari va turizm sohasi vakillari haqida maʼlumotlar joylab borilishi orqali viloyatni keng ommaga targʻib qilish va oʻzining sohadagi oʻrnini mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlab oʻtildi, deb xabar beradi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati.
Shuni taʼkidlash joizki, “Indy Guide” – Osiyo mamlakatlaridagi mahalliy gidlar, turoperatorlar, transport va joylashtirish obyektlarini oʻzida jamlagan platforma boʻlib, turizm sohasida faoliyat yurituvchilarni oʻzaro bogʻlaydi. “Indy Guide” dunyoga mashhur “Forbes”, “CNN”, “The Guardian”, “Elle UK”, “IndiaToday”, “The travel magazine” kabi oʻnlab nashrlar tomonidan eʼtirof etilgan.