12,4 trillion soʻmlik 501ta loyihani oʻz ichiga olgan hududiy investitsiya dasturining amalga oshirilishi oʻrganildi. Dasturning hayotga joriy etilishi natijasida 41 mingta yangi ish oʻrinlari tashkil etiladi, eksport hajmi 730 million dollarga koʻpayadi hamda eksport faoliyatiga qoʻshimcha 255 ta korxona jalb etilib, kutilayotgan eksport hajmi 108 million dollarni tashkil etadi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Eksportni ragʻbatlantirish agentligi eksport qiluvchilarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida mahsulot eksport qilishga sarflangan transport xarajatlarini qoplash uchun 15 milliard soʻm, aylanma mablagʻlarni toʻldirish uchun 25 million dollar ajratiladi.
Yuzaga kelayotgan masalalar ustida tuman va shahar darajasidagi mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari bilan ish olib borildi, ularni hal qilish mexanizmlari ishlab chiqildi va mutasaddilarga tegishli koʻrsatmalar berildi.
Ishchi guruh aʼzolari bir qator mahalliy korxonalarda boʻlib, ishlab chiqarish jarayonini oʻrgandilar. Tashriflar davomida tadbirkorlarga yer uchastkalari, moliyaviy resurslar olish, yangi barpo etilayotgan obyektlarni muhandislik tarmoqlarga ulash, qoʻshilgan qiymat soligʻini eksport qiluvchi korxonalarga qaytarish va mavjud boshqa muammolarni hal qilishga koʻmaklashish boʻyicha masʼullarga manzilli koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek, hududiy investitsiya dasturi doirasida amalga oshirilayotgan loyihalardan tashqari Davlatimiz rahbari tomonidan viloyatda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun 800 million dollar miqdorida xorijiy investitsiyalarni jalb qilish boʻyicha berilgan topshiriqni bajarish chora-tadbirlari ishlab chiqildi.
Bundan tashqari, viloyat tadbirkorlari va ishlab chiqaruvchilari bilan uchrashuv tashkil qilindi. Hududiy infratuzilmani rivojlantirishning hozirgi holati, biznes yuritish shartlari va investitsiyalarni jalb qilish uchun sanoatning istiqbolli yoʻnalishlari muhokama etildi. Shuningdek, hududning sanoat va eksport salohiyatini yanada rivojlantirishga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan tizimli muammolar, shu jumladan gaz va elektr taʼminotiga boʻlgan ehtiyoj, kredit resurslarining taqdim etilishi va xorijiy mijozlarni topish bilan bogʻliq masalalar oʻrganildi.
Bildirilgan muammolar atroflicha tahlil qilindi – tegishli vazirlik, idora va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlariga ularni hal qilish boʻyicha aniq takliflar ishlab chiqish hamda Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritish topshirildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.