Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi maʼlumotlariga koʻra, 2023-yil yanvar-sentyabr oylarida Andijon viloyatida 34,5 mlrd soʻmlik xizmatlar koʻrsatilgan boʻlib, 7 barobar oʻsish qayd etilgan. Koʻrsatkichlar oʻtgan yil davriga nisbatan 11-oʻrindan 4-oʻringa koʻtarilgan.
Andijon viloyatida oʻtgan yilning bu davrida eksport koʻrsatkichlari mavjud boʻlmagan boʻlsa, joriy yil uchinchi chorak yakuni bilan 2,2 mln AQSH dollariga teng eksport amalga oshirilgan. Ushbu koʻrsatkich orqali viloyat respublikada Toshkent shahridan soʻng ikkinchi oʻrinda bormoqda.
IT-park rezidentlari soni 25 tani tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 7,6 barobar oshgan. 2022-yil birinchi yarim yilligida ular tomonidan ish bilan taʼminlanganlar soni 20 nafarni tashkil etgan boʻlsa, hozirda 343 nafarga yetgan.