Yigʻilish avvalida qayd etilganidek, Andijon – aholisi eng zich joylashgan hudud. Viloyatda 3,5 milliondan ortiq aholi istiqomat qiladi, har yili 80 mingga yaqin tugʻilish qayd etilmoqda.
Yer resurslari cheklangan sharoitda har bir gektar yer, har bir loyiha hamda har bir investitsiya yuqori qoʻshilgan qiymat va barqaror ish oʻrni yaratishi shartligi taʼkidlandi. Bu viloyat rahbariyati oldidagi eng asosiy vazifa ekani koʻrsatib oʻtildi.
2025-yil yakunlariga koʻra, yalpi hududiy mahsulot 107,7 trillion soʻmni tashkil etib, 6,8 foizga oshdi. Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda 7,2 foiz, xizmatlar hajmida 15,1 foiz, qishloq xoʻjaligida 4,7 foiz oʻsish qayd etildi.
Joriy yilda iqtisodiyot va sanoatni 8 foizga, xizmatlarni 16,3 foizga, qishloq xoʻjaligini 5,9 foizga oshirish maqsad qilingan. Xorijiy investitsiyalarni 2025-yildagi 2,5 milliard dollardan 2026-yilda 3,5 milliard dollarga, eksportni 1,3 milliard dollardan 1,5 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
2025-yilda 383 ming aholining bandligi taʼminlangan boʻlsa, 2026-yilda 489,5 ming aholining bandligini taʼminlash, ishsizlikni 3,6 foizga, kambagʻallikni 2,4 foizga tushirish muhimligi taʼkidlandi.
Asaka, Oltinkoʻl, Xoʻjaobod, Shahrixon tumanlari hamda Andijon shahrini ishsizlik va kambagʻallikdan xoli hududlarga aylantirish vazifasi qoʻyildi. “Ogʻir” toifadagi Boʻston, Paxtaobod va Ulugʻnor tumanlarida kambagʻallikni kamida ikki barobar qisqartirish belgilandi.
Joriy yilda viloyatda 798 million dollarlik loyihalarni ishga tushirish rejalashtirilgani taʼkidlandi.
Jumladan, Asaka, Buloqboshi va Shahrixon tumanlarida charm-poyabzal, qurilish materiallari hamda dastgohlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan 3 ta mikrosanoat markazi tashkil etiladi. 110 ta qishloq hamda 26 ta chegaraoldi va olis mahallalarda qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlash, kichik sovitkichli omborlar tashkil qilish va mikrosanoat loyihalari amalga oshiriladi.
Andijon tumanidagi “Ipak yoʻli” erkin iqtisodiy zonasida 100 gektardan ortiq yer maydoni boʻsh turibdi. Yer resurslari cheklangan sharoitda tayyor infratuzilmasi bor maydonlarda yuqori qoʻshilgan qiymatli loyihalarni joylashtirish, minglab ish oʻrinlarini yaratish imkoniyatidan toʻliq foydalanish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Viloyatda qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Joriy yilda paxtachilikda hosildorlikni oshirish maqsadida xorijiy navlar joylashtiriladigan va ilgʻor “76x10” sxemasi asosida ekiladigan paxta maydonlarini kengaytirish, 472 dona yangi texnika xarid qilish rejalashtirilgan. 2 ming gektar kam samarali eski bogʻlar intensiv bogʻlarga aylantiriladi, 6,8 ming gektar yer foydalanishga qayta kiritiladi.
Yangi tajriba sifatida Oltinkoʻlda gulchilik, Izboskanda koʻchatchilik, Asakada issiqxonachilik, Qoʻrgʻontepada sabzavotchilik, Buloqboshida uzumchilik boʻyicha tomorqa maktablari tashkil etiladi.
2025-yilda viloyatga 460 ming xorijiy va 1,8 million mahalliy turist kelgan. Joriy yilda xorijiy turistlar sonini 700 mingga, mahalliy sayyohlarni esa 2,5 millionga yetkazish maqsad qilingan.
Shu maqsadda Buloqboshidagi “Shirmonbuloq”, Xoʻjaoboddagi “Imom ota” va Xonoboddagi turizm markazlarini rivojlantirish uchun alohida direksiya ochiladi. Tuman va shahar markazlaridagi 91 ta mahallani bogʻlovchi gavjum koʻchalarda savdo, dam olish va koʻngilochar maskanlar barpo etiladi.
Andijonda uy-joy masalasi boshqa hududlarga nisbatan ancha dolzarb. Joriy yilda viloyatdagi “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida 54 ta, boshqa hududlarda esa 158 ta koʻp qavatli uylar qurilishi kutilmoqda.
“Qurilishga tayyor yer” tizimini joriy etish orqali loyihalarni boshlash muddatini 120 kundan 30 kungacha qisqartirish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi. Jalaquduqda ushbu yangi tizim asosida zamonaviy uy-joylar qurish boʻyicha tajriba boshlanadi.
Viloyatda 11 ta oliy taʼlim muassasasi faoliyat yuritmoqda, 94 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda, 56 ta texnikumda 46 ming nafar oʻquvchi kasblarga oʻrgatilmoqda. Oliygohlardagi ilmiy salohiyatni oshirish, dual taʼlim qamrovini kengaytirish choralari belgilab olindi.
Tibbiyot texnikumlariga til oʻrgatish boʻyicha ilgʻor xususiy taʼlim tashkilotlarini jalb qilib, yiliga 4 mingdan ziyod yoshlarning Yevropa davlatlariga ishlashga borishiga koʻmaklashish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.
Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Ijtimoiy reyestrga kirmagan oilalarning iqtidorli farzandlariga ham sport, madaniyat va sanʼat sohasidagi tashabbuslari uchun “Yoshlar daftari” jamgʻarmasidan 41 million soʻmgacha subsidiya berish taklif qilindi. Prezidentimiz ushbu tartibni Andijon viloyatidan boshlashni topshirdi.
Davlatimiz rahbari yigʻilish yakunida belgilangan vazifalar ijrosi Andijon aholisi hayotida aniq va sezilarli natija berishi shartligini taʼkidlab, mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berdi.