Bu haqda Vazirlar Mahkamasining shu yil 20-avgustda qabul qilingan “Andijon viloyatida mebelsozlikni rivojlantirishni yangi sifat bosqichiga olib chiqish boʻyicha navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi VMQ-523-sonli qarorida belgilandi.
Hujjat bilan Andijon viloyati Oltinkoʻl tumanidagi “Uygʻur” mahallasi hududida mebel mahsulotlari ishlab chiqarish, koʻrgazma-savdo obyektlari va boshqa obyektlar “klaster” usulida joylashgan “Mebel kompleksi” kichik sanoat zonasini (KSZ) tashkil etish koʻzda tutilgan.
KSZni tashkil etish bilan bogʻliq xarajatlarni moliyalashtirish “Aloqa bank” AJ mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Savdo-sanoat palatasi va Andijon viloyati hokimligi “Aloqa” banki bilan birgalikda va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda quyidagilarni oʻz ichiga olgan sanoat zonasi konsepsiyasini ishlab chiqadi:
- ishlab chiqarish sexlari (angar), koʻrgazma pavilyonlari, ochiq va yopiq savdo maydonlari, furnitura va butlovchi qismlar savdo markazi hamda logistika markazini yaratish;
- mebel mahsulotlari uchun import oʻrnini bosuvchi xomashyo, furnitura va butlovchi qismlar ishlab chiqarish;
- raqobatbardosh mebel mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish uchun taniqli xorijiy brendlarni jalb qilish;
- mahalliy furnitura va butlovchi qismlar ishlab chiqaruvchilarining dilerlik markazlarini ochish va boshqalar.
Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida davlat tilida eʼlon qilingan va 2024-yil 21-avgustdan kuchga kirgan.