Andijon viloyatida yoshlar muammolarini tizimli hal etishda bir qator kamchiliklarga yo'l qo'yilgan

    “yoshlardaftari.uz” yagona elektron platformasiga kiritilgan 735 nafar yosh asossiz  chiqarib yuborilgan.

    Senatning prokuratura organlari faoliyati ustidan nazorat qiluvchi komissiyasi yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda komissiya, Bosh prokuratura, Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Andijon viloyati hokimligi hamkorligida “Yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risida”gi qonun va sohaga oid boshqa qonun hujjatlari ijrosi, yoshlar bandligini ta'minlash va tadbirkorligini qo'llab-quvvatlash borasidagi prokuror nazorati holatining o'rganish natijalari muhokama qilindi.

    O'rganish davomida qayd etilganidek, yoshlarni kasb-hunarga o'qitish va bandligini ta'minlash borasida qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish hamda ularni ijtimoiy himoya qilish va yosh oilalarni qo'llab-quvvatlash borasida 2018-2020- yillarda “Yoshlar – kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida 903 ta biznes loyihaga jami 160 milliard 768 million so'm miqdorda imtiyozli kredit mablag'lari ajratish orqali 16 254 ta yangi ish o'rinlari yaratilishiga erishilgan .So'nggi besh yilda 30 yoshgacha bo'lgan tadbirkorlar soni 3 barobar ko'payib, ularning soni 17 mingdan oshgan.

    Shu bilan birga senatorlar tomonidan Andijon viloyati sektor rahbarlarining yoshlar muammolarini tizimli ravishda hal etish borasidagi vazifalari aniq belgilangan bo'lsada, viloyatdagi o'rganish davomida bir qator kamchiliklarga yo'l qo'yilganligi tanqid qilindi. Jumladan, yoshlarning bandligini ta'minlash, ularning muammolarini hal etish maqsadida ishlab chiqilgan “yoshlardaftari.uz” yagona elektron platformasiga kiritilgan 735 nafar yoshlarni asossiz ravishda chiqarib yuborilish holatlari aniqlangan.

    “Yoshlar daftari”ga kiritilganlardan 23 479 nafariga tuman hokimlarining farmoyishlari asosida er maydonlari ajratib, bandligi ta'minlanganligi va daftardan chiqarilganligi o'rganilganda, ulardan 44 nafar yoshlar er maydonlarini olmaganligi, hattoki bundan xabardor emasligi ma'lum bo'ldi.

    Shu bilan birga, 2021 -yilda yangi ish o'rinlarini tashkil etish bo'yicha dasturda belgilangan reja bajarilganligi qayd etilgan bo'lsa-da, Soliq bo'limi bazasidagi ma'lumotlar bilan taqqoslanganda ayrim ish o'rinlari o'z tasdig'ini topmaganligi senatorlar tomonidan ko'rsatildi.

    Tuman (shahar) hokimlarining qarorlari bilan zaxiraga olingan ish o'rinlariga aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini ishga joylashtirish ishlari sust olib borilgan. Ya'ni zaxira (kvota)langan ish o'rinlaridan foydalanish darajasi viloyatda 64,2 foizni tashkil etganligi bois, bugungi kunda 3 651 ta zaxira ish o'rinlari foydalanmasdan qolgan.

    Yig'ilishda ushbu yo'nalishda uchrayotgan tizimli xato va kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida prokuratura organlari, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamda viloyat hokimligiga qo'mita va komissiya a'zolari tomonidan tavsiyalar berilib, tegishli topshiriqlar aks ettirilgan qaror qabul qilindi, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatining Axborot xizmati.