Andijon viloyatini kompleks rivojlantirish boʻyicha vazifalar belgilab olindi

    Mamlakatimizda 14 Iyun 2021 1293

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.Umurzakov boshchiligida hamda vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlaridan iborat ishchi guruh hududni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni ragʻbatlantirish ishlarini tashkil etish maqsadida Andijon viloyatiga yoʻl oldi.

    Qoʻyilgan maqsadlarga erishish uchun viloyatda investitsiyaviy faoliyatni jadallashtirish, sanoatni rivojlantirish, eksport hajmini oshirish, importni optimallashtirish va kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash, mahallalarning kompleks rivojlanishini qoʻllab-quvvatlash, yoshlar tadbirkorligini ragʻbatlantirish va yoshlar bandligini oshirish kabi alohida yoʻnalishlarda 8 ta kichik ishchi guruhlar tashkil etildi.

    Viloyatning shahar, tuman va mahallalari kesimida ishlab chiqarish va eksportning yuqori koʻrsatkichlari hamda yaratiladigan ish oʻrinlari soni bilan ajralib turadigan eng istiqbolli loyihalarga manzilli investitsiyalarni kiritishni nazarda tutgan holda “oʻsish nuqtalari”ni aniqlash va ishga solish boʻyicha ustuvor chora-tadbirlar koʻrib chiqildi. Sanoatni rivojlantirish hamda ichki va tashqi bozorda xaridorgir boʻlgan yuqori qoʻshimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi.

    Mahallalar darajasida manzilli ish olib borishda ustuvor vazifalar, jumladan, ijtimoiy va kommunal infratuzilmani rivojlantirish hisobiga tadbirkorlikni rivojlantirish, mahalliy aholi, xususan, yoshlar va xotin-qizlar bandligini oshirish, aholi hayoti sifatini yaxshilash vazifalari belgilandi. Mavjud muammolarni aniqlash va hal etishda amaliy yordam koʻrsatish maqsadida viloyatning barcha 882 mahallasiga vazirlik, idora, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlari biriktirilgan edi. Yigʻilish davomida mutasaddi rahbarlar biriktirilgan hududlarda infratuzilma, ijtimoiy obyektlar va aholi bandligini taʼminlashning bugungi holati tahlili natijalari, shuningdek, aniqlangan masalalarni bartaraf etish boʻyicha rejalashtirilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida hisobot berdilar.

    Shuningdek, Andijon viloyatining 2021-2022-yillarga moʻljallangan hududiy investitsiya dasturining ijrosi oʻrganildi. Uning doirasida viloyatda umumiy qiymati 19,2 trillion soʻmlik 553 loyiha amalga oshirilib, qariyb 58,6 ming yangi ish oʻrni yaratiladi. Barcha saʼy-harakatlarni viloyatning tuman va shaharlarida tizim shakllantiruvchi sanoat ishlab chiqarish obyektlarni yaratishga qaratilgan yirik investitsiya loyihalarini ishlab chiqishga yoʻnaltirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Shuningdek, tasdiqlangan loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq barcha mavjud masalalar ustida ishlab, hal etish topshirildi.

    Videokonferensiya yakunida mutasaddi rahbarlar belgilangan vazifalar doirasida aniq koʻrsatmalar oldilar. Yaqin kunlar ichida guruh hududda oʻz ishini davom ettiradi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.