Andijon viloyatini kompleks rivojlantirishni ragʻbatlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi

    Mamlakatimizda 7 May 2022 814

    Andijon shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov rahbarligidagi Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasining Andijon viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining bugungi holati va uni yanada ragʻbatlantirish boʻyicha chora-tadbirlarni muhokama qilishga bagʻishlangan sayyor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

    Yigʻilishda viloyatning tuman va shaharlaridagi vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari, tijorat banklari hamda mahalliy hokimliklar rahbarlari qatnashdi.

    Hukumat komissiyasining viloyatga amalga oshirilgan oldingi tashrifi davomida berilgan koʻrsatmalar ijrosi ham koʻrib chiqildi. Mutasaddi rahbarlar bajarilgan ishlar toʻgʻrisida hisobot berib, ayni paytda ochiq qolayotgan masalalar xususida gapirib oʻtdi. Har bir masala boʻyicha ijro muddatlari aniq belgilangan manzilli yechimlar ishlab chiqildi.

    Uchrashuv davomida 304 ta muammoli masala muhokama qilindi, shu jumladan kredit resurslarini ajratish, ilgari berilgan kreditlar boʻyicha foiz toʻlovlar muddatlarini uzaytirish, muhandislik kommunikatsiyalariga ulanish, yer uchastkalari, boʻsh bino va inshootlarni ajratish, ilgari toʻlangan qoʻshilgan qiymat soligʻi summalarini qaytarish, zarur ruxsatnomalar va sertifikatlar olish va boshqalar. 57 ta muammoli masala tegishli vazirlik, idora, tijorat banklari va mahalliy hokimliklar rahbarlarini jalb etgan holda bevosita yigʻilishning oʻzida hal etildi.

    Qolgan 247 ta masalalar yechimlari boʻyicha aniq algoritmlar ishlab chiqilib, mutasaddi rahbarlarga tegishli amaliy chora-tadbirlarni oʻz vaqtida amalga oshirish yuzasidan manzilli koʻrsatmalar berildi.

    Boshqa choralar qatorida ishlab chiqarishni toʻxtatgan yoki toʻliq quvvat bilan ishlamayotgan korxonalar faoliyatini tiklash orqali viloyatning sanoat salohiyatini rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi. Tegishli tuzilmalar rahbarlariga viloyatdagi mavjud barcha masalalar yechimini zudlik bilan taʼminlash hamda sanoat ishlab chiqarish faoliyati monitoringini tizimlashtirish vazifasi yuklatildi.

    Qoʻshilgan qiymatga ega yuqori texnologiyali raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish koʻlamini kengaytirish dolzarbligi alohida taʼkidlandi.

    Shuningdek, Andijon viloyatini tarmoqlar, tuman va shaharlar kesimida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni yanada ragʻbatlantirish boʻyicha istiqbolli gʻoya va takliflar koʻrib chiqildi.

    Bildirilgan takliflarni amalda bajarish mexanizmlarini maromiga yetkazish, viloyatda investitsiyaviy, sanoat va eksport faoliyati koʻrsatkichlarini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasini shakllantirish vazifasi qoʻyildi.

    Yigʻilish yakunida mutasaddi rahbarlarga berilgan topshiriqlarni samarali amalga oshirish boʻyicha qoʻshimcha koʻrsatmalar berildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.