Andijonda 12 tup daraxt kesilishi yuzasidan obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻiga jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

    Yashil sayyora 18 Yanvar 2022 967

    Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyati perinatal markazi hududida noqonuniy ravishda daraxtlar kesilganligi haqidagi xabarlar tarqalgan.

    Mazkur holat Bosh prokuratura tomonidan tuzilgan ishchi guruh tomonidan oʻrganildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi “Respublika koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-46-sonli Farmoni bilan davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriyning amal qilishi muddatsiz davrga uzaytirilgan.

    Shunga qaramasdan, Andijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi Gʻ.Sh. tomonidan Andijon viloyati perinatal markazi hududidagi “Eldor qaragʻoyi” (Pinus eldarica) navli 12 tup daraxtlar qonunga xilof ravishda kesib yuborilganligi oqibatida tabiatga 115,5 mln. soʻm miqdorida zarar yetkazilgan.

    Oʻtkazilgan tekshirish natijasiga koʻra, Andijon shahar obodonlashtirish boshqarmasi boshligʻi Gʻ.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 198-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
    Tergov harakatlari olib borilmoqda.