Mazkur holat yuzasidan ichki ishlar organlari tomonidan tezkor surishtiruv ishlari olib borilib, jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Xabarga koʻra, 1991-yilda Izboskan tumanida tugʻilgan, hozirda Andijon shahrida yashovchi ayol 1998-yilda tugʻilgan boshqa bir ayolni turmush oʻrtogʻi bilan ishqiy munosabatda boʻlganlikda ayblab, undan qasos olishni rejalashtirgan.
Shu maqsadda 2025-yil 23-dekabr kuni u shifoxonada davolanib yotgan jabrlanuvchini 1995, 2004 va 2001-yillarda tugʻilgan tanish ayollar orqali oʻziga chaqirtirgan.
Shifoxonada jabrlanuvchiga nisbatan turli tahqirlovchi harakatlar sodir etilgan va bu jarayon videotasvirga olingan.
Keyinchalik tashabbuskor ayol oʻz tanishlari — 1999 va 1998-yillarda tugʻilgan ikki nafar erkakni chaqirib, jabrlanuvchini ovloq joyga olib borib, sochini olishni buyurgan.
Natijada jabrlanuvchi ayol besh nafar shaxs tomonidan uning ixtiyoriga qarshi ravishda oq rangli “Gentra” avtomashinasiga majburan oʻtqazilib, Andijon tumani Jevachi mahallasi hududidagi xilvat joyga olib borilgan. U yerda 1999-yilda tugʻilgan erkak tomonidan uning sochlari mashinka yordamida olib tashlangan.
Ushbu jarayon 1995-yilda tugʻilgan ayol tomonidan videoga olingan va maʼlum vaqt oʻtgach ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Besh nafar gumonlanuvchi protsessual tartibda ushlangan.
Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda. Jinoyat ishi Andijon viloyati prokuraturasi tomonidan alohida nazoratga olingan.