Andijonda besh farzandini uyda tuqqan onaning 4 ta bolasiga «metrka» berildi. Ularning kattasi 15 yoshda

    Ijtimoiy hayot 2 Iyul 2020 3348

    Andijon viloyatining Boʻston tumani fuqarolik holatlari dalolatnomalarini yozish boʻlimi xodimlari tomonidan besh farzandini uyda tuqqan Sanobar Isoqovaning 4 nafar farzandiga tugʻilganlik haqida guvohnomalar berildi.

    Davlat xizmatlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi bosh maslahatchisi Gulzoda Latifjonovaning aytishicha, boshqar tomonidan viloyatda “Bironta ham bola qayd etilmasdan qolishi mumkin emas”, “Tugʻilganlikni qayd etilishi – bola huquqlarini roʻyobga chiqarilishining va fuqarolik boʻlmasligini oldini olishning huquqiy asosidir” mavzularida targʻibot ishlari amalga oshirilmoqda.

    Shu maqsadda hozirga qadar mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari, mutaxassislar hamda FHDYO boʻlimi xodimlari tomonidan uyma-uy yurib sharʼiy nikohda yashayotganlar, ayrim sabablarga koʻra, oʻz vaqtida tugʻilganlik haqida guvohnomalarni ololmagan fuqarolar bor yoki yoʻqligi oʻrganilib, ularga hali ham shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish imkoniyati mavjudligi boʻyicha tushunchalar berib kelinmoqda.

    Oʻrganishlar davomida Qirgʻiziston Respublikasi fuqarosi Sanobarxon Isoqova 1997-yilda Lochinbek Ahmadaliyev bilan sharʼiy nikoh asosida turmush qurishadi. Maʼlum boʻlishicha, ular 2005-2015-yillar davomida besh nafar farzandini uyida hech qanday tibbiy yordamsiz dunyoga keltirishadi. Onaning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari boʻlmaganligi sababli farzandlarining birortasiga tugʻilganlik haqidagi guvohnomalar olinmaydi. Ular tomonidan turli yillarda bir necha marotaba FHDYO xodimlariga murojaat qilinganda, bolalarga “mertka”lar sudning u yoki bu onadan tugʻilganlik faktini tasdiqlash haqidagi qaroriga asosan berilishi bildiriladi.

    Boʻston tumani FHDYO mudirasi Hulkaroy Begmatovaning tashabbusi va bir nechta homiylarning yordami bilan pul mablagʻlari yigʻilib Sanobarxon Isoqova hamda uning 4 farzandi uchun u yoki bu onadan tugʻilganlik faktini tasdiqlash maqsadida DNK tekshiruvlari oʻtkaziladi. Biologik ekspertiza xulosalariga koʻra Isoqova bolalarning onasi ekanligi tasdiqlanadi.

    Yaqinda sud hal qiluv qaroriga asosan FHDYO boʻlimi tomonidan Isoqovaning farzandlari Anoraxon, Feruzaxon, Ozodbek, Qilichbekga tugʻilganlik haqidagi guvohnomalar rasmiylashtirib berildi.

    Davlat xizmatlari agentligi Andijon

    viloyati boshqarmasi axborot xizmati