IIV Axborot xizmatining xabar berishicha, yakunda Andijon viloyati hokimligi majlislar zalida viloyat hamda tuman-shahar sektor rahbarlari, korxona va tashkilotlarning boshliqlari hamda boshqa masʼullar ishtirokida tanqidiy-tahliliy yigʻilish boʻlib oʻtdi.
Tadbirda viloyatda aholi murojaatlari bilan ishlash ahvoli qoniqarli darajada emasligi qattiq tanqid ostiga olindi.
Jumladan, joriy yil boshidan shu kunga qadar jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 50 mingta murojaat kelib tushgan boʻlib, shundan 24 foizi ijobiy hal etilgan boʻlsa, qolgan 72 foiziga esa mutasaddilar tomonidan toʻgʻri tushuntirish bilan cheklanilgan xolos.
Ishchi guruh aʼzolarining oʻrganish natijalariga koʻra, fuqarolarning muammolariga yetarli eʼtibor qaratmagan, ularni hal etishga sust munosabatda boʻlgan bir qator tuman-shaharlarning sektor rahbarlari qatʼiy ogohlantirildi. Bu boradagi ishlarni jadallashtirish aholi muammolari bilan ishlashda tizimli ish tashkil etishlari toʻgʻrisida koʻrsatma va topshiriqlar berildi.
Oʻz faoliyatida kamchilikka yoʻl qoʻygan bir qator shahar-tuman IIB boshliqlariga ogohlantirishlar berildi. Andijon, Oltinkoʻl hamda Buloqboshi tumanlari IIB boshliqlarining birinchi oʻrinbosarlari lavozimidan ozod etildi. Bir qator kamchiliklarga yoʻl qoʻygan IIO xodimlariga hayfsan intizomiy jazosi qoʻllanildi.
Aniqlangan kamchiliklarni tez fursatda bartaraf etish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berilib, ularning masʼuliyati oshirildi.