Ushbu holat yuzasidan masʼul idoralar vakillaridan iborat tezkor ishchi guruh tuzilib, oʻrganish ishlari olib borildi, deb yozadi tuman hokimligi axborot xizmati.
Hodisa 2025-yil 21-dekabr kuni soat 11:00 atrofida Xoʻjaobod tumani buyum bozori hududida sodir boʻlgan. Aniqlanishicha, tadbirkor tomonidan doʻkon oldiga qoʻlbola usulda qurilgan savdo rastasi texnik talablarga javob bermagan. Shuningdek, rastasining yuqori qismiga meʼyoridan ortiq ogʻir qishki kiyimlar ilib qoʻyilgani oqibatida u qulagan.
Hodisa oqibatida yuqoridagi kamchiliklarga yoʻl qoʻygan bir nafar tadbirkor tan jarohati bilan shifoxonaga olib ketilib, zudlik bilan malakali tibbiy yordam koʻrsatilgan. Hozirda uning ahvoli qoniqarli deb baholanmoqda.
Maʼlum qilinishicha, hodisa oqibatida boshqa jabrlanuvchilar aniqlanmadi. Ayni paytda voqea sabablari tegishli idoralar tomonidan oʻrganilmoqda.








