Andijonda ETK muhandisi pora bilan qoʻlga tushdi

    Andijon tuman elektr tarmoqlari korxonasi muhandisi tadbirkordan elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani boʻyicha rasmiylashtirilgan hujjatni yoʻq qilib berish evaziga pul talab qilgan.

    Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Xoʻjaobod tumani boʻlimi, DXX va IIB xodimlari hamkorligida tadbirkorlik subyektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda tuman elektr tarmoqlari korxonasi muhandisi Sh.V. “X.T.” MCHJga qarashli umumiy ovqatlanish oshxonasida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi holati boʻyicha rasmiylashtirilgan dalolatnomani yoʻq qilib berishi evaziga korxona rahbari X.T.ning 20 mln soʻmini olgan vaqtida ushlanib, uning koʻrsatuviga asosan “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ filiali maʼmuriy binosi oldida davom etgan tadbirda, Xoʻjaobod ETKning yana bir muhandisi A.A. muhandis Sh.V.dan 20 mln soʻmni olib, shundan 5 mln soʻmini qaytarib bergan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

    Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.